Logo

Rossiyada benzin narxi yana oshishi mumkin: yil boshidan buyon 20,5 foizga qimmatladi

Bugun 10:474 daqiqa

Kreml benzin va dizel narxini litriga yana 2,1 rublga oshirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bunga neftni qayta ishlash zavodlariga qilingan hujumlar va xorijdan yoqilg‘i sotib olish xarajatlarining ortishi sabab bo‘lmoqda.

Rossiyada benzin narxi yana oshishi mumkin: yil boshidan buyon 20,5 foizga qimmatladi © Ijtimoiy tarmoqlar

Rossiya hukumati neft kompaniyalariga benzin va dizel narxini litriga qo‘shimcha 2,1 rublga oshirishga ruxsat berish masalasini muhokama qilmoqda. Bu orqali kompaniyalarning xorijdan yoqilg‘i olib kelishdagi zararlarini qoplash rejalashtirilgan.

«Kommersant» nashrining yozishicha, bu taklif Energetika vazirligi tomonidan ilgari surilgan. Bosh vazir o‘rinbosari Aleksandr Novak tegishli taklifni bosh vazir Mixail Mishustinga yuborgan.

Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyada benzin narxi 2026-yil boshidan 19-oktabrgacha 20,5 foizga oshgan. Bu mamlakatdagi umumiy inflatsiya darajasidan ancha yuqori. Shu davrda umumiy inflatsiya 6,15 foizni tashkil etgan.

«Kommersant» ma’lumotlariga ko‘ra, hozir hukumat xarajatlarni qoplashning ikkita variantini ko‘rib chiqmoqda. Birinchi variantda neft kompaniyalariga budjetdan ko‘proq mablag‘ ajratiladi, biroq benzin narxi litriga 1,6 rublga oshiriladi. Ikkinchi variantda esa budjetdan qo‘shimcha pul ajratilmaydi, ammo yoqilg‘i narxi litriga 2,1 rublga ko‘tariladi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Moliya vazirligi va hukumat ikkinchi variantni ma’qullamoqda.

Aleksandr Novakning murojaatida aytilishicha, xorijdan olib kirilgan benzin va dizel yoqilg‘isini yirik neft kompaniyalarining amaldagi narxlarida sotish har bir litr uchun 13–18 rubl zarar keltirmoqda. Bu davlat kompensatsiyalari hisobga olinganda ham shunday. Bunga sanksiyalar sababli xorijiy yetkazib beruvchilarning qo‘shimcha to‘lov talab qilishi va yoqilg‘ini Rossiya hududi bo‘ylab tashish qimmatlashgani sabab qilib ko‘rsatilmoqda.

Taklifga ko‘ra, kompaniyalar narxni faqat xorijdan olib kirilgan yoqilg‘iga emas, balki Rossiyada ishlab chiqarilgan benzin va dizelga ham oshirishi mumkin.

«Kommersant» manbasining baholashicha, litriga 2,1 rubllik qo‘shimcha narx neft kompaniyalariga har oy taxminan 12 milliard rubl qo‘shimcha daromad keltiradi. Avtomobilining benzin baki 50 litr bo‘lgan haydovchi uchun esa bu o‘zgarish bir marta to‘liq yoqilg‘i quyish xarajatini 105 rublga oshiradi.

Benzin inflatsiyadan uch baravar tez qimmatlamoqda

21-oktabrda e’lon qilingan statistikaga ko‘ra, 19-oktabr holatida Rossiyada benzinning o‘rtacha narxi litriga 78,04 rublni tashkil etgan. Uning turlari bo‘yicha o‘rtacha narxlar quyidagicha bo‘lgan:

AI-92 benzini — litriga 74,02 rubl;
AI-95 benzini — litriga 80,30 rubl;
dizel yoqilg‘isi — litriga 86,58 rubl.

2026-yilning boshidan buyon benzin 20,5 foizga, dizel esa 13,4 foizga qimmatlagan. Shu davrda Rossiyada umumiy inflatsiya 6,15 foiz bo‘lgan. Demak, benzin narxi umumiy iste’mol narxlariga nisbatan 3,3 baravar, dizel narxi esa 2,2 baravar tezroq oshgan.

Rossiya Energetika vazirligi hisob-kitoblariga ko‘ra, agar litriga 2,1 rubllik qo‘shimcha narx joriy etilsa, yirik neft kompaniyalariga qarashli yoqilg‘i quyish shoxobchalarida 2026-yil yakuniga qadar benzin narxi 11 foizga yoki litriga 7,1 rublga oshishi mumkin. Yozgi dizel yoqilg‘isi esa 10,7 foizga yoki litriga 8,2 rublga qimmatlashi kutilmoqda.

Bu prognozlar faqat yirik neft kompaniyalarining yoqilg‘i quyish shoxobchalariga tegishli. Rosstat statistikasiga esa mustaqil shoxobchalardagi narxlar ham kiritilgan. Shu sababli bu ko‘rsatkichlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqqoslab bo‘lmaydi.

Rossiya neft zavodlariga hujumlar sabab xorijdan benzin olib kelmoqda

Rossiya Ukraina tomonidan neftni qayta ishlash zavodlariga uyushtirilayotgan hujumlar fonida xorijdan yoqilg‘i sotib olishni ko‘paytirmoqda.

«Kommersant» ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil oktabr–dekabr oylarida Rossiya har oy 620 ming tonnagacha benzin import qilishi mumkin. Bu mamlakat ichki bozoriga yetkazib beriladigan benzinning 16–18 foizini tashkil etadi.

Ekspertlar fikricha, Rossiyaga benzin yetkazib berishda asosiy o‘rinni Belarus saqlab qoladi. Bundan tashqari, Rossiya Hindiston, Turkiya va Marokashdan ham yoqilg‘i sotib olmoqda. Rossiya Federal monopoliyaga qarshi kurash xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, sentabr oyida xorijdan kiritilgan AI-92 benzinining muqobil narxi bir tonna uchun 108 ming rublga yetgan. Rossiyada ishlab chiqarilgan benzinning ulgurji narxi esa o‘rtacha 70,17 ming rubl bo‘lgan.

Ya’ni xorijdan olib kirilgan benzin Rossiyada ishlab chiqarilgan benzinga nisbatan bir tonnasiga 37 ming rubldan ko‘proq qimmatga tushgan. Xorijdan yoqilg‘i olib kelishni rag‘batlantirish uchun Rossiya hukumati avvalroq maxsus kompensatsiya tizimini joriy qilgan. Unga ko‘ra, xorijiy yoqilg‘i narxi bilan mamlakat ichki bozoridagi narx o‘rtasidagi farqning bir qismi davlat tomonidan qoplanadi. Iyul oyida hukumat ushbu tizimni dizel yoqilg‘isiga ham tatbiq etishni ma’qullagan.

Hozir yana bir taklif ko‘rib chiqilmoqda. Unga ko‘ra, yoqilg‘ini Rossiya hududi bo‘ylab temiryo‘lda tashish xarajatlari ham kompensatsiya hisob-kitobiga kiritiladi. Bu esa davlat budjetidan har oy qo‘shimcha 2 milliard rublgacha mablag‘ ajratishni talab qilishi mumkin. Biroq «Kommersant» ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Moliya vazirligi bu taklifga qarshi chiqmoqda.

Teglar

Mavzuga oid