Logo

Aviachiptalar 2027 yilda 20 foizgacha qimmatlashi mumkin

Bugun 10:533 daqiqa

Yaqin Sharqdagi urush va Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi beqarorlik sababli aviayoqilg‘i bir yilda 128 foizga qimmatlashgani, shuningdek, davlatlarning yangi aviatsiya soliqlari loukosterlarni qiyin ahvolga solib qo‘ymoqda.

Aviachiptalar 2027 yilda 20 foizgacha qimmatlashi mumkin © independent.co

Yevropa bo‘ylab aviachiptalar narxi 2027 yilda sezilarli darajada oshishi mumkin. Irlandiyaning arzon aviaparvozlarga ixtisoslashgan «Ryanair» loukosteri bosh direktori Maykl O’Liri yoqilg‘i xarajatlarining oshishi hamda parvozlar jadvalidagi mavjud o‘rinlarning qisqarishi chiptalar narxiga bosim o‘tkazishini bildirdi. Uning taxminiga ko‘ra, kelasi yili Yevropa bo‘ylab aviachiptalar 10, 15 yoki hatto 20 foizgacha qimmatlashishi mumkin.

Ushbu bayonot 20-oktabr kuni Brusselda o‘tkazilgan matbuot anjumanida yangradi.

Aviachiptalar nega qimmatlashishi mumkin?

O’Liri aviatsiya yoqilg‘isining qimmatlashuvini narxlar ko‘tarilishiga ta’sir qiluvchi bosh omil sifatida ko‘rsatmoqda. Uning ta’kidlashicha, Yaqin Sharqdagi keskinlik va urush neft bozoridagi vaziyatni murakkablashtirib, tashuvchilarning xarajatlarini keskin oshirib yuborgan. Yoqilg‘i chiqimlarining ko‘payishi esa aviakompaniyalarning moliyaviy barqarorligiga bevosita zarba beradi.

«Euronews» xabariga ko‘ra, Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi («IATA») monitoringida 2026 yil 16-oktabr bilan yakunlangan haftada Yevropa va Hamdo‘stlik mamlakatlari hududida aviayoqilg‘ining o‘rtacha narxi bir barreli uchun 207,61 dollarni tashkil etgan. Bu bir yil oldingi mos davrga nisbatan qariyb 128 foizga ko‘pdir.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi aviatsiya bozori uchun muhim

Aviayoqilg‘i bozoridagi asl vaziyatni anglash uchun xalqaro ta’minot zanjiriga e’tibor qaratish lozim.

«IATA»ning 2026 yil iyun oyidagi tahlillariga ko‘ra, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kuniga o‘rtacha 470 ming barrel aviatsiya yoqilg‘isi tashiladi. Bu jahon bo‘ylab dengiz orqali eksport qilinadigan aviayoqilg‘ining qariyb 23 foizini tashkil etadi.

Mazkur assotsiatsiya ma’lumotlariga qaraganda, Fors ko‘rfazidan chiqadigan aviayoqilg‘ining salkam 80 foizi Yevropaga yo‘naltiriladi. Bu esa, o‘z navbatida, Yevropaning jami aviayoqilg‘i importining 40 foiziga tengdir.

Mintaqadagi har qanday mojaro yoki ta’minotdagi uzilishlar Yevropa aviatsiya bozoriga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.

Reyslardagi o‘rinlar soni ham qisqarishi mumkin

O’Liri narxlar oshishiga ta’sir ko‘rsatuvchi yana bir muhim omil sifatida Yevropa aviatsiya bozorida taklifning kamayishini ko‘rsatdi. Uning fikricha, ayrim aviakompaniyalarning moliyaviy inqirozga uchrashi yoki boshqa yirik tashuvchilar bilan qo‘shilib ketishi bozordagi bo‘sh o‘rinlar sonini kamaytirishi mumkin.

Bunday vaziyatda qimmat yoqilg‘i fonida parvozlar soni ham qisqarsa, chiptalarga talab oshib, narxlar yanada ko‘tariladi. «Ryanair» rahbari aynan mana shu ikki omilni birgalikda hisobga olgan holda chiptalar 10–20 foizgacha oshishi mumkinligini bashorat qilmoqda.

Yevropa davlatlarining soliqlari ham chiqimlarni oshirmoqda

O’Liri aviayoqilg‘idan tashqari, ayrim Yevropa davlatlarida joriy etilayotgan aviatsiya soliqlarini ham tanqid ostiga oldi.

«Ryanair» Belgiyada aviatsiya solig‘i oshirilishi munosabati bilan qishki jadvaldan 20 ta yo‘nalishni va 1,1 milliondan ortiq o‘rinni olib tashlashini e’lon qildi. Ma’lumot uchun, Belgiyada ushbu soliq 2027 yilning yanvaridan boshlab har bir yo‘lovchi uchun 2 yevrodan 7 yevrogacha ko‘tarilishi belgilangan.

Bu O‘zbekistondan uchadigan yo‘lovchilarga ham ta’sir qiladimi?

«Ryanair» rahbarining prognozi faqatgina Yevropa ichki bozoriga tegishlidir. O‘zbekistondan Yevropaga bo‘lgan xalqaro reyslarda ham narxlar xuddi shunday oshishi bo‘yicha alohida bayonotlar berilmagan.

O‘zbekiston aviabozorida yoqilg‘i narxining tariflarga ta’siri bo‘yicha avval ham holatlar kuzatilgan. 2026 yil 4-aprel kuni «Centrum Air» aviakompaniyasi xalqaro bozorlarda aviatsiya yoqilg‘isi qimmatlashgani bois ayrim xalqaro yo‘nalishlarda narxlarni qayta ko‘rib chiqishini ma’lum qilgan edi. O‘shanda o‘zgarishlar barcha parvozlarga emas, balki yoqilg‘i xarajati eng ko‘p bo‘lgan yo‘nalishlarga qaratilgandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Turizm qo‘mitasining xabariga ko‘ra, «Uzbekistan Airways» aviakompaniyasi mahalliy ichki yo‘nalishlardagi chipta tariflarini 16-oktabrdan boshlab o‘rtacha 20 foizgacha pasaytirgan.

Teglar

Mavzuga oid

Aviachiptalar 2027 yilda 20 foizgacha qimmatlashi mumkin | Vaqt.uz