add

«Dehqonchilik va chorvachilik jar yoqasida» — Baxtiyor Abdug‘afur

Vaqt.uz iqtisodiy-ijtimoiy hayotning turli jabhalarida mehnat qilayotgan mutaxassislarga minbar ochib bermoqda. Ilk chiqishda mikrobiolog olim va adib Baxtiyor Abdug‘afur (Rasulov)ning fikrlari bilan o‘rtoqlashmoqdamiz.

«Dehqonchilik va chorvachilik jar yoqasida» — Baxtiyor Abdug‘afur

Ishim sabab ko‘p viloyatlarga boraman. Sohamga oid vaziyatlarni tahlil qilishga harakat qilaman. Ushbu postdagi fikrlarim o‘ta shaxsiy.

Hududlarda dehqonchilik bilan shug‘ullanayotganlar kamayib bormoqda.

Birinchidan, ikkinchi ekin yetishtirishdagi suv muammosi bo‘lsa, ikkinchidan, narxlarning arzonligi va harajatlarning qoplanmasligi. Xalq uchun dehqonchilikning iqtisodiy jozibasi — manfaati kamaydi. Bozorlarimizda ayrim sabzavotlarning horijdan keltirilayotgani shu bilan izohlanadi. Sababi, ayni vaqtda aksariyat sabzavot mahsulotlari xalq tomonidan yetishtiriladi.

Aytaylik, bozorda bir kilo sabzining narhi qancha? Nega narxi ko‘tarilganiga hech qiziqib ko‘rdingizmi? 2-3 yil oldin suv tekin bo‘lgani, hatto uydagi mol-qo‘ylarga berilgani esingizdadir.

Bu o‘ta xavotirli jihatdir. Shu ketish bo‘lsa, oddiy kundalik ehtiyoj mahsulotlariga bo‘lgan talab ham import hisobiga qondirilishi ehtimol. Yaqin kelajakda asta oshib boradigan bunday talab iqtisodga katta yuklama beradi.

Ikkinchi xavotirli jihat — chorva. Yildan yilga chorva miqdor jihatdan kamayishni boshlagan. Birinchidan, yaylovlar sifati tushib, qisqarayotgani, ikkinchidan, kasalliklar keng hududlarga tarqalayotgani.

Hozirgi holatda yaylovlarni rivojlantirish emas, balki borini saqlab qolish o‘ta dolzarb vazifadir. Ayniqsa, o‘simlik turlari, populyatsiyalari va areallarini saqlash muhim tadbirga aylanishi vaziyat taqozosi. Yaqin-yaqingacha yovvoyi, o‘z holicha yashab ko‘payadigan o‘simliklar haqida qayg‘urishni xayolimga ham keltirmasdim. Qarangki, vaziyat jiddiylashib, tasavvurlarni o‘zgartirishni talab etmoqda. Masalan, yantoq. Shu beozor o‘simlik ham qirilishga tushgan, endi uning urug‘chiligi haqida bosh qotirish kerakka o‘xshaydi.

Har qanday rasmiy bayonotlar berilgani bilan haqiqiy ahvolni bozor — iqtisod ko‘rsatib beradi. Bugun bir kilo go‘shtning narxi qancha? Eslab oldingiz-a?

Bu masalalarning yechimlari bor. Biz necha yillardan beri ilmiy asoslarini yaratish bilan shug‘ullanamiz. Olimlar, mutaxassislar bilan doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish lozim. Bizga besh yillik, o‘n yillik, yigirma besh yillik rejalar kerak. Iqlim jiddiy sur’atlarda o‘zgaryapti. Yomg‘irlarning tortilgani, haroratning yuqoriligi dengizdan tomchi. Yomon tomonlarini — yomon ssenariylarni yozmadim. Ungacha ish bormasligini Xudodan so‘rab qolaman.

Birinchi jumlani qayta yozib qo‘yaman: bu shaxsiy fikrim.

Baxtiyor Abdug‘afur.

Teglar

Mavzuga oid

«Dehqonchilik va chorvachilik jar yoqasida» — Baxtiyor Abdug‘afur | Vaqt.uz