add

Deportatsiya qilingan migrantlar xarajatlarni qoplaydi

13.05.2025 | 16:5631563

O‘zbekiston fuqarosi sodir etgan jinoyati sababli chet eldan deportatsiya qilinsa, uni olib kelish uchun davlat tomonidan qilingan xarajatlarni qoplashi va migratsiya fondidan berilgan mablag‘larni qaytarishi shart bo‘ladi.

Deportatsiya qilingan migrantlar xarajatlarni qoplaydi
13 may kuni Vazirlar Mahkamasi tomonidan deportatsiya qilingan mehnat migrantlariga nisbatan chora-tadbirlarni tartibga soluvchi qaror qabul qilindi. Migratsiya agentligi ma’lum qilishicha, hujjat faqat tashkiliy ravishda xorijga yuborilgan va u yerda huquqbuzarlik sodir etgan fuqarolarga nisbatan qo‘llaniladi. Agar qaytarish jarayoni Migratsiya agentligi tomonidan moliyalashtirilgan bo‘lsa, fuqaro xarajatlarni to‘liq qoplashi shart bo‘ladi. Shuningdek, u Migratsiya fondi hisobidan berilgan subsidiya va kompensatsiyalarni ham qaytarishi lozim. Bundan tashqari, bunday shaxslar deportatsiya qilinganidan so‘ng 12 oy mobaynida rivojlangan davlatlarga ishga yuborish dasturlarida ishtirok etish huquqidan mahrum qilinadi. Yangi qarorga ko‘ra, kelgusida ishga yuborish shartnomalarida jarima va kafil shaxslar bilan bog‘liq shartlar ham alohida ko‘rsatiladi. Bu hujjatda shartlariga rioya qilmaslik oqibatlari aniq belgilab qo‘yiladi. Aprel oyida BAA hukumati o‘zbekistonlik diplomatlarni ayrim migrantlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar mamlakatlar o‘rtasidagi vizasiz rejimga tahdid solishi mumkinligidan ogohlantirgan edi. Shundan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda BAAga vizasiz kirish tartibi bekor qilingani haqida xabarlar tarqaldi, biroq O‘zbekiston TIV bu ma’lumotni rad etdi.

Teglar

Mavzuga oid