
Donald Tramp Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar rejasini qo‘llab-quvvatlamoqda
30.06.2025 | 10:0031033
AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiyaga qarshi yangi iqtisodiy cheklovlarni joriy etish niyatida ekanini bildirdi. Bu haqda senator-respublikachilardan Lindsi Grehemning so‘zlariga tayanib ABC News xabar berdi.

Grehemning aytishicha, o‘tgan kuni prezident bilan golf o‘ynayotgan vaqtda Tramp «sanksiyalar masalasida olg‘a siljish vaqti kelganini» ta’kidlagan. Senatorning so‘zlariga ko‘ra, Kongress sanksiyalarga oid qonun loyihasini iyul oyida ko‘rib chiqishni boshlaydi. Unga ko‘ra, Rossiyani qo‘llab-quvvatlayotgan yoki Ukrainaga yordam bermayotgan davlatlardan import qilinadigan tovarlarga 500 foizlik bojlar qo‘yilishi ko‘zda tutilgan. Bu cheklovlar eng avvalo Rossiya neftini import qilayotgan Xitoy va Hindiston kabi mamlakatlarga qaratilgan.
Grehem qonun qabul qilinsa, prezident uni imzolashini taxmin qilmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra 100 nafar senatordan 84 nafari mazkur qonuni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Bu tashabbus «2025 yilda Rossiyaga qarshi sanksiyalar to‘g‘risida»gi qonun loyihasi doirasida amalga oshiriladi. Loyiha Rossiyaning Ukraina bo‘yicha muzokaralardan bosh tortgani yoki kelishuvlarni buzgani bahonasida yangi cheklovlar kiritishni nazarda tutadi.
Hujjatda, shuningdek, AQSH fuqarolariga Rossiya davlat qarzi varaqalarini sotib olish operatsiyalarida ishtirok etishni taqiqlash taklifi ham bor. Shu yil iyun oyida Tramp ushbu qonun loyihasini «juda kuchli» deb atagan, ammo sanksiyalar yuzasidan yakuniy qarorni shaxsan o‘zi qabul qilishini ta’kidlagan edi.





