
Dunyo yadroviy qurol bo‘yicha yangi qurollanish poygasi bosqichiga kirdi — SIPRI
17.06.2025 | 09:2020874
So‘nggi o‘n yilliklarda kuzatilgan global yadroviy qurollarni qisqartirish jarayoni yakun topmoqda. SIPRI hisobotiga ko‘ra, dunyo davlatlari ommaviy qirg‘in qurollarini yana ko‘paytirmoqda va qurol nazorati bo‘yicha kelishuvlardan chekinayotgani kuzatilmoqda.

Stokholm tinchlikni o‘rganish instituti (SIPRI) 16 iyun kuni e’lon qilgan yillik ҳисоботида qayd etilishicha, dunyodagi yettidan ortiq davlat o‘z yadroviy qurollarini ko‘paytirish va jangovar holatda saqlash siyosatini olib bormoqda. Institut tahlilchilariga ko‘ra, bu sovuq urush tugaganidan beri davom etgan yadroviy qurolsizlanish davrining yakunlanganini anglatadi.
2025 yil boshida dunyoda umumiy hisobda 12 ming 241 ta yadroviy snaryad bo‘lgan. Ularning taxminan 9 ming 614 tasi harbiy omborlarda saqlanayotgan bo‘lib, ehtimoliy qo‘llash uchun shay holatda turibdi. Qolgan qismi, ya’ni 2100 tasi jangovar kallagi yuqori jangovar tayyorgarlik holatida, asosan AQSH va Rossiya ixtiyorida saqlanayotgani ta’kidlanadi.
Hisobotda qayd etilishicha, AQSH, Rossiya, Xitoy, Buyuk Britaniya, Fransiya, Hindiston, Pokiston, Shimoliy Koreya va Isroil yadroviy qurollarni rivojlantirish va sonini ko‘paytirishni rejalashtirmoqda. Xususan, Xitoy va Hindiston yadroviy salohiyatini shiddat bilan kengaytirayotgan davlatlar sifatida tilga olingan.
SIPRIning ta’kidlashicha, yadroviy qurollar sonini qisqartirishga oid xalqaro shartnomalar — xususan AQSH va Rossiya o‘rtasidagi shartnomalar — o‘z kuchini yo‘qotmoqda. Ayrim davlatlar, jumladan Rossiya va AQSH, turli kelishuvlardan bir tomonlama chekinib, yadroviy muvozanatni buzmoqda.
Shu bilan birga, yadroviy ritorikaning kuchayishi, davlatlar o‘rtasidagi ishonchsizlik va global xavfsizlik muammolari fonida hech bir davlat o‘z salohiyatini kamaytirishga tayyor emasligi kuzatilmoqda.
Mutaxassislar yadroviy qurollanishning yangi bosqichi xalqaro xavfsizlik uchun jiddiy xavf tug‘dirishini, bu jarayonni nazoratsiz qoldirish insoniyat uchun kutilmagan oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ta’kidlamoqda.





