
Dunyo yetakchilaridan «Blackrock» direktorigacha. Mirziyoyev Davosda kimlar bilan uchrashdi?
O‘zbekiston Prezidenti Shveysariyaning Davos shahrida Tinchlik kengashi Nizomini imzoladi. Davosdagi tadbirlar doirasida Shavkat Mirziyoyev dunyo yetakchilari bilan qator ikki va uch tomonlama uchrashuvlar ham o‘tkazdi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 22-yanvar kuni Shveysariyaning Davos shahrida Tinchlik kengashi Nizomini imzolash marosimida ishtirok etdi.
AQSH Prezidenti Donald Tramp raisligida o‘tgan tadbirda Argentina, Armaniston, Bahrayn, Bolgariya, Indoneziya, Iordaniya, Marokash, Mo‘g‘uliston, Ozarbayjon, Paragvay, Pokiston, Qatar, Qozog‘iston, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Vengriya va boshqa davlatlar rahbarlari, bosh vazirlari va tashqi ishlar vazirlari ham qatnashdi.

Kengash Nizomini imzolab, O‘zbekiston uni ta’sis etgan davlatlardan biriga aylandi. Bu mamlakatning kengash faoliyatida izchil ishtirok etishga hamda barcha ta’sischi davlatlar va xalqaro sheriklar bilan yaqin hamkorlikda uning vakolatlarini hayotga tatbiq etishda amaliy hissa qo‘shishga tayyorligini anglatadi.

Davosdagi tadbirlar doirasida Shavkat Mirziyoyev qator ikki va ko‘p tomonlama uchrashuvlar ham o‘tkazdi. Shunday uchrashuvlardan biri Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso bilan bo‘ldi.

O‘zbekiston YeTTBning mintaqadagi eng yirik hamkori bo‘lib qolmoqda. Bankning investitsiyalari hajmi qariyb 7 milliard dollarga yetgan. 2025 yilda amaliyotlar, shu jumladan, xususiy sektorga yo‘naltirilgan mablag‘larning hajmi 1 milliard dollardan oshdi. Uchrashuvda joriy yil uchun hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari, jumladan, xususiy sektor va infratuzilmani rivojlantirish, temir yo‘l transportini raqamli transformatsiya qilish hamda boshqa masalalar belgilab olindi.
Mirziyoyevning “Blackrock” kompaniyasi direktorlar kengashi a’zosi va katta boshqaruvchi direktori Adebayo Ogunlesi bilan uchrashuvida esa ushbu yetakchi kompaniya bilan investitsiyaviy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari va ilgari erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

«Blackrock» kompaniyasining O‘zbekistondagi ustuvor loyihalarda ishtirok etish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Kompaniyaning O‘zbekistondagi bir qator korxonalar kapitaliga kirish, qo‘shma investitsiya mexanizmlarini ishlab chiqish va mamlakat investitsiya muhitini yaxshilash uchun xalqaro ekspertizani jalb qilish bo‘yicha tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi.

Tinchlik kengashi Nizomini imzolash marosimi doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban o‘rtasida ham muloqot bo‘lib o‘tdi.
Yetakchilar o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Ko‘p tomonlama, shu jumladan Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlik istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.

Davosdagi tadbirlar doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich, AQSH savdo vaziri Govard Latnik, Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri, Global o‘zgarishlar instituti raisi Toni Bler bilan ham suhbatlar o‘tkazdi.

Shunday qilib, amaliy tashrif tugagach, O‘zbekiston Prezidenti Syurix xalqaro aeroportidan Toshkentga jo‘nab ketdi.





