add

Dunyoda Butunjahon turkiy tillar kuni ilk bor nishonlanmoqda

Bugun 18:433512 daqiqa

UNESCO qarori bilan 15-dekabr turkiy tillar merosi va til xilma-xilligini e’tirof etuvchi xalqaro sanaga aylandi.

Dunyoda Butunjahon turkiy tillar kuni ilk bor nishonlanmoqda

15-dekabr kuni jahonda ilk bor Butunjahon turkiy tillar kuni nishonlanmoqda. Ushbu sana UNESCO Bosh konferensiyasining Samarqandda bo‘lib o‘tgan sessiyasida ma’qullangan bo‘lib, tashkilot buni insoniyatning umumiy madaniy merosini boyituvchi til xilma-xilligini tan olish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholamoqda.

UNESCO va BMT yangiliklar xizmatiga ko‘ra, sana tanlanishi ramziy ma’noga ega. Aniqrog‘i, 1983 yil 15-dekabr kuni daniyalik tilshunos Vilhelm Tomsen qadimgi turkiy yozuv yodgorliklari — O‘rxun yozuvlari alifbosini muvaffaqiyatli o‘qiganini e’lon qilgan. Mazkur yozuvlar eramizning VIII asrida hozirgi Mo‘g‘uliston hududidagi O‘rxun vodiysida yaratilgan bo‘lib, 1889 yilda kashf etilgan.

UNESCO ma’lumotlariga ko‘ra, turkiy tillar oilasiga mansub ozarboyjon, qozoq, qirg‘iz, turk, turkman va o‘zbek tillari taxminan 12 million kvadrat kilometr hududda 200 milliondan ortiq inson uchun ona tili hisoblanadi. Turkiy tillardagi boy yozma va og‘zaki meros o‘ndan ortiq davlatlarni madaniy jihatdan bog‘lab turadi.

Butunjahon turkiy tillar kunini joriy etish tashabbusi Ozarboyjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan. Ushbu tashabbusni jami 21 davlat qo‘llab-quvvatlagan. UNESCO bu orqali til hamkorligi, madaniy yaqinlashuv va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotning ahamiyatini yana bir bor ta’kidlamoqda.

Tashabbus, shuningdek, tilshunoslik tadqiqotlari, ta’lim va madaniy almashinuv sohalarida xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan. UNESCOning qayd etishicha, ushbu sana turkiy tillarni asrash va rivojlantirish bo‘yicha global muloqotni kengaytirishga xizmat qiladi.

Butunjahon turkiy tillar kuni munosabati bilan turli mamlakatlarda ilmiy-ma’rifiy va madaniy tadbirlar — ko‘rgazmalar, ma’ruzalar, ommaviy munozaralar, adabiy va she’riy kechalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Avvalroq Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an taklifi asosida 15-dekabr «Jahon turkiy tillar kuni» deb e’lon qilingan haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid