
Dunyoda dollar hisobidagi milliarderlar soni keskin oshdi
UBS tadqiqotiga ko‘ra, 2025-yilda dunyoda dollar milliarderlari soni rekord darajada ko‘paydi. Ularning katta qismi AQSHda yashamoqda.

Shveysariyaning UBS banki e’lon qilgan yillik hisobotida 2025 yilning apreliga qadar dunyodagi dollar hisobidagi milliarderlar soni o‘tgan yilga nisbatan 287 nafarga oshgani qayd etildi. Bu o‘sish monitoring boshlanganidan beri kuzatilgan eng katta ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib, faqat 2021 yildagi 416 nafarlik rekorddan keyingi ikkinchi o‘rinni egalladi.
Hisobotga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 2919 nafar milliarder bor. Ularning 2545 nafari erkak, 374 nafari ayol. Jami boylik bir yilda 13 foizga oshib, 15,8 trln dollarga yetgan. UBS ekspertlari bu o‘sishni global fond bozorlaridagi o‘sish, xususiy kapital segmentidagi faollashuv va yangi texnologiyalar orqali boylik yig‘ilishining tezlashuvi bilan izohladi.
Statistikaga qaraganda, dunyoda eng ko‘p dollar milliarderlari AQSHda yashaydi — 924 nafar. Mamlakat boylik yaratish infratuzilmasi, texnologik klasterlari va xususiy kapital bozorlari ulkan bo‘lgani bois yil sayin yetakchilikni mustahkamlamoqda.
Ikkinchi o‘rinni Osiyo–Tinch okeani mintaqasi egalladi. Bunda Xitoy, Hindiston va Janubiy Koreya kabi yirik iqtisodlarning texnologik va sanoat sektoridagi o‘sishlari hal qiluvchi omil sifatida qayd etilgan. Uchinchi o‘ringa Yevropa, Yaqin Sharq va Afrika joylashdi — mintaqa global boylik sinfining muhim qismi bo‘lib qolmoqda, ammo o‘sish sur’ati AQSH va Osiyodan pastroq.
UBS tahlilchilari dunyoda yuqori kapitalga ega shaxslar soni keyingi yillarda ham oshishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Bu jarayonga texnologik inqilob, sun’iy intellekt bozorining o‘sishi va xususiy sarmoya oqimlarining ko‘payishi asosiy sababga aylangan.





