add

Dunyoda neft narxi pasaydi: O‘zbekistonda esa benzin yana qimmatlashdi

19.08.2025 | 19:006865

Ukrainada urushini tugatish bo‘yicha muzokaralar jahon bozorida neft narxini 10 foizdan ko‘proqqa arzonlashtirdi. Biroq bu hol O‘zbekistondagi benzin narxida zarracha aks etayotgani yo‘q.

Dunyoda neft narxi pasaydi: O‘zbekistonda esa benzin yana qimmatlashdi
Brent markali neft barrel narxi 66 dollardan pastga tushdi. So‘nggi ikki hafta ichida dunyo bozorida neft narxi keskin o‘zgarmay, deyarli bir xil oraliqda qolgan. Mutaxassislar fikricha, agar tomonlar kelishuvga erishsa, Rossiya nefti eksportiga qo‘yilgan ayrim cheklovlar olib tashlanishi mumkin. Tramp Zelenskiy bilan Oq uyda uchrashgach, Putin bilan telefon orqali gaplashdi va uni yuzma-yuz uchrashuvga chaqirdi. Bu tashabbus, Trampning yaqinda Alyaskada Putin bilan uchrashib, «urushni tugatish mas’uliyati Ukraina zimmasida» degan gapidan keyin Kiyev uchun muhim burilish sifatida ko‘rilmoqda. Joriy yil boshidan beri neft narxi 10 foizdan ko‘proq tushib ketdi. Sababi — AQSHning savdo siyosati bo‘yicha xavotirlar va OPEC+ davlatlarining ishlab chiqarishni ko‘paytirishi. Ukraina bo‘yicha olib borilayotgan muzokaralarning narxlarga qanday ta’sir ko‘rsatishi esa hozircha noma’lum. «Bozor hozircha kutish rejimida qoladi. Urushni tugatish yo‘li ochildi, lekin bu tez bo‘lmaydi», — deydi Vanda Insights kompaniyasi asoschisi Vandana Hari. Diplomatik harakatlarga qaramay, urush davom etmoqda. Ukraina Rossiyaning Yevropaga muhim bo‘lgan «Drujba» neft quvuriga zarba berganini ma’lum qildi. Rossiya esa Ukrainadagi neft zavodiga hujum qilgan. [caption id="attachment_13701" align="aligncenter" width="633"]Neft Infografika: Bloomberg[/caption] Avgust oyida bozor ko‘rsatkichlari jonlandi. AQSHning Meksika qo‘ltig‘ida neft barrellari oxirgi oylarning eng yuqori narxida sotilmoqda. Shu bilan birga, AQSH nefti Brentga nisbatan apreldan buyon eng katta chegirma bilan savdoga chiqmoqda. Bu yaqin haftalarda eksport hajmining ortishidan darak beradi. Ukraina bo‘yicha diplomatik muzokaralar narxlarning qisqa muddatda pasayishiga ta’sir qilmoqda. Ammo urush tugamaguncha bozor barqarorligi kafolatlanmaydi.   O‘zbekistonda, aksincha, benzin tobora qimmatlashmoqda Butun dunyoda neft narxi 10 foizdan ortiq arzonladi, biroq O‘zbekiston buning teskari sodir bo‘ldi. Standartlarga javob bermaydigan AI-92 narxi tonnasiga 13 mln 66 ming so‘mga oshgan edi. Aniqrog‘i, 1 litr 92 benzin narxi kamida 10 ming 700 so‘mgacha ko‘tarildi. Hattoki, ayrim AYOQSHlarda AI-80 benzinning narxi 9 ming so‘mga yetgan. Ya’ni 11-12 foizga qimmatladi. «Uchta narsaga cheksiz qarab turish mumkin: cuvning oqishiga, olovning yonishiga va neft narxi tushganda O‘zbekistonda benzin qimmatlashishiga», — deydi iqtisodchi Otabek Bakirov blogida. Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistondagi benzin narxlari Markaziy Osiyodagi eng baland ko‘rsatkichlardan biri ekanini ma’lum qilgan edik. Mahliyo Hamidova tayyorladi

Teglar

Mavzuga oid