add

Elektromobil quvvatlash uskunalari importi uchun boj olinmaydi

2026 yildan elektromobil infratuzilmasi va chiqindi sohasiga oid qator soliq va bojxona imtiyozlari joriy etiladi.

Elektromobil quvvatlash uskunalari importi uchun boj olinmaydi

2025 yil 30-dekabrda imzolangan PF–269-sonli Prezident farmonida iqtisodiyotning qator muhim yo‘nalishlarini rag‘batlantirishga qaratilgan yangi imtiyozlar belgilandi.

Farmonga muvofiq, belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar asosida 2026 yil 1-yanvardan 2028 yil 1-yanvarga qadar O‘zbekiston hududiga olib kiriladigan ayrim tovarlar bojxona bojidan ozod qilinadi. Ushbu imtiyoz, avvalo, elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari, ularning komponentlari hamda servis infratuzilmasi uchun mo‘ljallangan texnologik asbob-uskunalarga taalluqli.

Shuningdek, ipakchilik sohasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida pilla yigirish va ipak gazlama to‘qish dastgohlarining ehtiyot qismlari, tut daraxti urug‘i va ko‘chatlari, ipak qurtining superelita, elita va sanoat urug‘lari ham belgilangan muddatgacha bojxona bojidan ozod etiladi.

Farmonda chiqindilarni boshqarish sohasiga oid soliq imtiyozlari ham belgilandi. 2026 yil 1-yanvardan 2031 yil 1-yanvarga qadar «Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi» davlat muassasasi hamda belgilangan talablarga javob beradigan soliq to‘lovchilar uchun foyda solig‘i va ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz etib belgilanadi.

Bunda soliq imtiyozi chiqindilarni to‘plash, olib chiqish, saralash va qayta ishlash faoliyatidan olingan daromad jami daromadning kamida 90 foizini tashkil etgan hamda har bir xodimga hisoblangan oylik ish haqi mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining kamida ikki baravariga teng bo‘lgan taqdirdagina qo‘llaniladi.

Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida Elektromobillar uchun imtiyozli avtokreditlar berilishini ma’lum qilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid