add

Elektrotexnika sanoatida xomashyoni chuqur qayta ishlash rag‘batlantiriladi

16.10.2025 | 11:1516673

Prezident qaroriga ko‘ra, elektrotexnika sanoatida mis xomashyosini qayta ishlash, eksportni kengaytirish va investitsiya salohiyatini oshirish uchun qo‘shimcha imtiyozlar beriladi.

Elektrotexnika sanoatida xomashyoni chuqur qayta ishlash rag‘batlantiriladi
O‘zbekiston Prezidenti 2025 yil 15 oktyabr kuni «Elektrotexnika sanoatida xomashyoni chuqur qayta ishlashni rag‘batlantirish, sohaning investitsiyaviy hamda eksport salohiyatini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ–304-son qarorni imzoladi. Hujjatga ko‘ra, elektrotexnika sanoatidagi ishlab chiqarish zanjirini chuqurlashtirish, yangi qo‘shilgan qiymat yaratish va eksport hajmini oshirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanadi. 2026 yilda soha mahsulotlarini 80 ta davlatga eksport qilish hamda eksport hajmini 3 milliard AQSH dollariga yetkazish maqsad qilib qo‘yilgan. Shuningdek, 2030 yilgacha mis xomashyosini birja savdolariga chiqarish hajmini 225 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan. Eng muhim yangiliklardan biri — 2026–2027 yillarda elektrotexnika sanoati korxonalari aylanma mablag‘larni to‘ldirish, jumladan mis xomashyosini xarid qilish uchun olinadigan kreditlar bo‘yicha davlat yordamini oladi. «Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi» orqali tijorat banklari kreditlari uchun foiz kompensatsiyalari va kafilliklar taqdim etiladi. Milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha foizning asosiy stavkadan 4 foiz punkt yuqori qismi (biroq 10 foizdan oshmagan) qoplanadi. Xorijiy valyutadagi kreditlar uchun esa foizning 6 foizdan yuqori qismi, 5 foiz punktgacha bo‘lgan miqdori davlat hisobidan kompensatsiya qilinadi. Shuningdek, 10 milliard so‘mgacha bo‘lgan kreditning 50 foizidan ortiq bo‘lmagan qismiga kafillik beriladi. Qaror bilan elektrotexnika sohasidagi korxonalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, ichki bozorda raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish va eksport geografiyasini kengaytirish orqali mamlakatning sanoat salohiyatini oshirish ko‘zda tutilgan.

Teglar

Mavzuga oid