add

Endi kamera va radarlar ham jarima ballari hisoblaydi

27.10.2025 | 14:556182

2026 yil 1 apreldan boshlab O‘zbekistonda yo‘llardagi foto va videokameralar orqali qayd etilgan qoidabuzarliklar uchun ham jarima ballari hisoblanadi.

Endi kamera va radarlar ham jarima ballari hisoblaydi

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 25 oktyabrda qabul qilingan 676-sonli qaroriga muvofiq, 2026 yil 1 apreldan boshlab yo‘llardagi avtomatlashtirilgan foto va video tizimlar orqali qayd etilgan qoidabuzarliklar uchun haydovchilarga jarima ballari yozila boshlaydi.

Yangi tartib yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, transport vositalari bilan bog‘liq o‘lim holatlarini kamaytirish va qoidabuzarliklarning oldini olishga xizmat qiladi. Bunda jarima ballari transport vositasining mulkdori yoki ushbu vositadan ishonchnoma, sug‘urta polisi yoki yo‘l varaqasi orqali foydalanuvchi haydovchilar o‘rtasida taqsimlanadi.

Eslatib o‘tish joiz, O‘zbekistonda jarima ballari tizimi 2025 yil 1 iyundan amalga kirgan bo‘lib, hozircha ular faqat YHXX xodimlari tomonidan rasmiylashtirilgan bayonnomalar asosida hisoblanmoqda. Ilgari kameralar orqali qayd etilgan qoidabuzarliklar uchun ball yozilmasligi belgilangan edi. Endi esa, haydovchini aniqlash imkoniyati yaratilganidan keyin ushbu tizim kengaytirilmoqda.

Qarorga ko‘ra, agar haydovchi 12 oy mobaynida yo‘l harakati qoidalarini buzmasa, keyingi davrda birinchi marta sodir etgan qoidabuzarlik uchun ball qo‘shilmaydi. Shuningdek, agar haydovchiga jarima balli yozilgandan keyin olti oy davomida yana qoidabuzarlik sodir etmasa, undan jarima ballaridan ikki ball olib tashlanadi.

Bir yil davomida haydovchining jarima ballari 12 ballga yetsa, ma’lumotlar sudga avtomatik ravishda yuboriladi. Sud qaroriga ko‘ra, bunday haydovchilar 6 oydan 3 yilgacha bo‘lgan muddatda haydovchilik guvohnomasidan mahrum etiladi.

Teglar

Mavzuga oid