
Eron namoyishlarda 30 ming kishi halok bo‘lganini rad etdi
«Time» jurnali Eron Sog‘liqni saqlash vazirligidagi manbalariga tayanib, Erondagi norozilik namoyishlari davomida halok bo‘lganlar soni rasmiy ma’lumotlardan bir necha barobar yuqori bo‘lishi mumkinligi, 2 kun ichida 30 ming kishi o‘lganini xabar qilgan edi. Eron TIV buni rad etdi

Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Baqoiy «Time» jurnali tomonidan Eronda 8–9-yanvar kunlari bo‘lib o‘tgan namoyishlar davomida halok bo‘lganlar soni 30 ming kishiga yetishi mumkinligi haqida berilgan ma’lumotni yolg‘on deb atadi. Baqoiyning bayonoti X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilindi.
«Time» jurnali Eron Sog‘liqni saqlash vazirligining ikki nafar yuqori lavozimli manbasiga tayanadi. AQSHda joylashgan HRANA huquqni himoya qilish tashkiloti esa boshqa hisob-kitoblarni keltiradi. Uning ma’lumotiga ko‘ra, halok bo‘lganlar soni 5,5 ming kishini tashkil qiladi. Yana 17 mingta tasdiqlanmagan holat bo‘yicha tergov olib borilmoqda.
Erondagi namoyishlar 28-dekabr kuni – milliy valutaning qulashi va narxlarning keskin oshishi ortidan boshlangan. Norozilik namoyishlari ishtirokchilari siyosiy rejimni almashtirishni talab qilgan. Eron islom respublikasi hokimiyati namoyishlar paytida 3,1 ming nafar norozilik ishtirokchisi halok bo‘lganini tasdiqladi. Eron rasmiylari 23-yanvar kuni e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, namoyishlar oqibatida 3117 kishi halok bo‘lgan. Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchining aytishicha, ular orasida 2427 nafar tinch aholi va xavfsizlik xodimlari, shuningdek 690 nafar «terrorchi» bor.
Tartibsizliklar bostirilgani haqida Eron hukumati 21-yanvar kuni ma’lum qildi.





