Logo

Eronda besh oy ichida ilk bor Mojtabo Xomanaiy tasvirlangan kadrlar namoyish etildi

Bugun 14:252 daqiqa

Iyul oyi oxirida Isroilning «Mossad» razvedka xizmati va AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi Eronning oliy rahbarini birgalikda qidirayotgani aytilgandi.

Eronda besh oy ichida ilk bor Mojtabo Xomanaiy tasvirlangan kadrlar namoyish etildi © Reuters

Eronning «Mehr» davlat agentligi mart oyida oliy rahbar lavozimiga tayinlanganidan beri ilk bor Mojtabo Xomanaiy aks etgan videoni e’lon qildi.

Videoda Xomanaiy bir necha kishi qurshovida o‘tirgani ko‘riladi. Video qachon tasvirga olingani aniq emas.

Mojtabo Xomanaiy mart oyi boshida, harbiy operatsiyaning dastlabki kunlarida AQSH va Isroil zarbasi oqibatida otasi Ali Xomanaiy halok bo‘lganidan so‘ng Eronning oliy rahbariga aylangan. Ali Xomanaiy mamlakatni 36 yil boshqargan. Hujum vaqtida Mojtabo Xomanaiyning o‘zi ham jarohat olgan va shundan keyin jamoat oldida ko‘rinish bermagan.

«The Times» gazetasi iyul oyi oxirida Isroilning «Mossad» razvedka xizmati va AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi Eronning oliy rahbarini birgalikda qidirayotgani haqida xabar bergan. Ular Xomanaiyning tirik yoki tirik emasligini va qayerda bo‘lishi mumkinligini aniqlashga uringan. Gazetaning ta’kidlashicha, razvedka hamjamiyatining ayrim vakillari uni vafot etgan bo‘lishi mumkin, deb hisoblagan. Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi esa AQSH bilan urush bo‘yicha qarorlarni qonuniylashtirish uchun uning tirikligini namoyish qilayotgan bo‘lishi mumkinligi haqida ham taxminlar bildirilgan.

Shu bilan birga, Mojtabo Xomanaiy omma oldida ko‘rinmaganiga qaramay, ijtimoiy tarmoqlarda uning nomidan xabarlar tarqatilgan. Jumladan, 26-iyul kuni Eron oliy rahbarining X ijtimoiy tarmog‘ida Livanning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlovchi va Isroil agressiyasiga qarshi bayonot paydo bo‘lgan.

May oyida «Al Araby» telekanali Eron hukumati yig‘ilishlari koordinatori Mazohir Husayniyga tayanib, havo hujumi oqibatida Mojtabo Xomanaiy olgan jarohatlar deyarli bitgani haqida xabar bergan. Eronlik amaldorning aytishicha, portlash to‘lqini ta’sirida Mojtabo Xomanaiy yiqilib, tizzasi va belidan jarohat olgan, shuningdek, qulog‘i ortida kichik kesik paydo bo‘lgan.

Amaldor oliy rahbarning sog‘lig‘iga hech qanday xavf yo‘qligini ta’kidlagan. Uning aytishicha, «dushman tomonlar oliy rahbarga zarba berish uchun uning tasvirlari yoki u haqida ma’lumot olishga harakat qilmoqda».

«The New York Times» gazetasi aprel oyi oxirida eronlik amaldorga tayanib, rezidensiyaga qilingan zarbadan keyin Mojtabo Xomanaiyning bir oyog‘ida uch marta operatsiya o‘tkazilgani va unga protez qo‘yilishi rejalashtirilayotgani haqida xabar bergan.

Amaldorning qo‘shimcha qilishicha, olgan jarohatlariga qaramay, kichik Xomanaiyning aqliy holati yaxshi va u faolligini saqlab qolgan.

Eslatib o‘tamiz, Mojtabo Xomanaiy otasining dafn marosimida qatnashmagandi.

Teglar

Mavzuga oid

Eronda besh oy ichida ilk bor Mojtabo Xomanaiy tasvirlangan kadrlar namoyish etildi | Vaqt.uz