
Facebook tashqi havolalar uchun to‘lovni sinovdan o‘tkazmoqda
Meta Facebook platformasida tashqi havolalar tarqatishni cheklash va uni pullik obunaga bog‘lash orqali media bozoriga yangi bosim o‘tkazishi mumkin.

Meta kompaniyasi Facebook platformasida tashqi veb-havolalarni tarqatishga amalda to‘lov joriy etilishi mumkin bo‘lgan yangi tizimni sinovdan o‘tkazmoqda. Bu haqda 18-dekabr kuni The Guardian nashri xabar qildi.
Ushbu qadam ijtimoiy tarmoqlardan keladigan trafik pasayib borayotgan sharoitda raqamli media va yangilik saytlari uchun yana bir jiddiy zarba sifatida baholanmoqda.
Kompaniya ma’lum qilishicha, hozirda «cheklangan test rejimi» amal qilmoqda. U pullik Meta Verified obunasiga ega bo‘lmagan foydalanuvchilarga taalluqli. Yangi qoidalarga ko‘ra, bepul akkauntlar oyiga atigi ikki marta tashqi havolali post joylashtira oladi. Cheklov ayrim Facebook sahifalari hamda kontent yaratuvchilar foydalanadigan «professional rejim»dagi profillarga qo‘llanilmoqda.
Limitdan chiqish uchun foydalanuvchilarga Meta Verified obunasi taklif etilmoqda. Facebook ogohlantirish xabarlarida 16-dekabrdan boshlab ayrim tasdiqlanmagan profillar tashqi havolalarni oyiga ikki martadan ortiq ulasha olmasligi aytilgan. Obuna evaziga esa ko‘proq havola joylashtirish, tasdiq belgisi va qo‘shimcha imkoniyatlar va’da qilinmoqda.
Hozircha yangilik nashrlarining rasmiy sahifalari testga kiritilmagan va ular havolalarni cheklovsiz joylashtira oladi. Ammo mutaxassislar asosiy xavf aynan oddiy foydalanuvchilar va fikr yetakchilari faoliyati bilan bog‘liq, deb hisoblaydi. Agar ular havolalarni kamroq ulashsa, yangiliklar tabiiy tarqalishi keskin pasayishi mumkin.
Media maslahatchilari Meta so‘nggi yillarda yangilik kontentidan bosqichma-bosqich voz kechayotganini ta’kidlamoqda. Ilgari nashrlarga to‘lovlar bekor qilingani, ayrim mamlakatlarda yangilik havolalari to‘liq bloklangani bu tendensiyani ochiq ko‘rsatgan. Yangi eksperiment esa axborot erkin tarqalishidan ko‘ra qamrovni monetizatsiya qilish ustuvor ahamiyat kasb etayotganini anglatishi mumkin.
Meta vakili esa bu faqat sinov ekanini ta’kidlab, maqsad havolalar sonini oshirish imkoniyati obuna egalari uchun qo‘shimcha qiymat yaratish-yaratmasligini aniqlashdan iboratligini bildirdi.





