
Farg‘onada maktab direktorini noqonuniy ishdan olgan rahbar jazolandi
Mehnat qonunchiligi buzgan ta’lim boshqarmasi rahbari ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Sh.Dolimov ma’muriy javobgarlikka tortildi. Davlat mehnat inspeksiyasi o‘tkazgan o‘rganishlar davomida Buvayda tumanidagi 37-umumta’lim maktabi direktori qonun talablariga zid ravishda lavozimidan chetlatilgani ma’lum bo‘lgan.
Mehnat inspeksiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, maktab direktori majburiy navbatchilik bilan bog‘liq holatlar ortidan ishdan olingan, shuningdek, yangi direktorni tayinlash jarayoni ham belgilangan tartiblarga zid amalga oshirilgan. Natijada, boshqarma boshlig‘iga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasi bo‘yicha chora ko‘rilgan.
Inspeksiya jarima miqdorini aniq ochiqlamagan.
Biroq amaldagi qonunchilikka ko‘ra, mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qoidalarni buzish holatida bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha jarima qo‘llanishi mumkin. Hozirda bazaviy hisoblash miqdori 412 ming so‘mni tashkil etadi.
Avvalroq mazkur maktabda ishlagan o‘qituvchilar Yangi yil bayrami kunlari tun-u kun navbatchilik qilishga majburlangani haqida ommaviy axborot vositalariga murojaat qilgan edi. Ular navbatchilikdan bosh tortgan taqdirda dars soatlari qisqartirilishi bilan qo‘rqitilganini bildirgan. Bu holat jamoatchilikda katta muhokamalarga sabab bo‘lgan.
Shundan so‘ng Farg‘ona viloyati MMTB maktab direktori ishdan olinganini ma’lum qilgan. Boshqarma bayonotida pedagoglarni kasbiy faoliyatiga aloqador bo‘lmagan ishlarga jalb qilish qonun bilan taqiqlangani va bu holat uchun javobgarlik belgilangani ta’kidlangan.
Biroq keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, majburiy navbatchilik masalasi bo‘yicha topshiriq ta’lim tizimiga yuqoridan yuborilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xizmat doirasida foydalanish uchun mo‘ljallangan hujjatda hududiy boshqarmalarga 25-dekabrdan 5-yanvarga qadar 24 soatlik navbatchilikni tashkil etish so‘ralgani ko‘rsatilgan. Hujjat Vazirlar Mahkamasining Yangi yil bayrami xavfsizligini ta’minlashga oid qarorlariga tayanilgan holda rasmiylashtirilgan.
Ishdan olingan direktor vazifasini bajaruvchi Hasanboy Nishonov esa navbatchilik ixtiyoriy ekanini o‘qituvchilarga tushuntirganini, topshiriq esa yuqori idoralardan kelganini bildirgan. Unga ko‘ra, bunday ko‘rsatmalar boshqa maktab rahbarlariga ham berilgan.
Mazkur holat ta’lim tizimida mehnat huquqlariga rioya etish, rahbarlar mas’uliyati va yuqoridan tushayotgan topshiriqlarning huquqiy asoslari masalasini yanada dolzarb qildi.
Shundan keyin, 13-yanvar kuni Davlat mehnat inspeksiyasi maktab direktori qonun talablariga rioya etilmasdan ishdan bo‘shatilganini ma’lum qilgan va direktor o‘z lavozimiga qayta tiklangan.





