
Farg‘onada o‘qituvchilarni navbatchilikka majburlagan direktor ishdan olindi
Farg‘ona viloyatida o‘qituvchilarni 13 kun davomida tun-u kun navbatchilikka jalb etgan maktab rahbari lavozimidan ozod etildi.

Farg‘ona viloyati Buvayda tumanidagi 37-maktabda pedagog xodimlarni tun-u kun navbatchilikka majburlash bilan bog‘liq holat ijtimoiy tarmoqlarda keskin muhokamalarga sabab bo‘ldi. Mazkur holat yuzasidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi natijasida maktab direktori vazifasini vaqtincha bajarib kelgan shaxs ishdan olindi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan habarlarga ko‘ra, 37-maktab direktori tomonidan imzolangan buyruq asosida o‘qituvchilar 25-dekabrdan 6-yanvarga qadar, ya’ni 13 kun davomida maktab hududida tun-u kun navbatchilik qilishga jalb etilgan. Buyruqda bu chora «tinchlik va osoyishtalikni saqlash hamda xavfsizlikni ta’minlash» maqsadida ekani qayd etilgan.
Holatni o‘rgangan Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mazkur navbatchilik pedagog xodimlarning lavozim majburiyatlariga kirmasligini hamda amaldagi tartib-qoidalarga zid ekanini tasdiqladi. Tekshiruv jarayonida rahbar tomonidan pedagogik jamoaga noqonuniy ravishda qo‘shimcha vazifa yuklatilgani aniqlangan.
Natijada 6-yanvar kuni qabul qilingan buyruqqa asosan maktab direktori vazifasini vaqtincha bajarib kelgan X.N. lavozimidan ozod etildi. Shu bilan birga, ta’lim tizimi rahbarlariga kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan qat’iy ogohlantirish berildi.
«Hurmatli ijtimoiy tarmoq kuzatuvchilari va foydalanuvchilaridan bitta maktabdagi jarayonni butun tizimdagi holat sifatida baholamasliklarini so‘rab qolamiz», deyiladi Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi xabarida.
Avvalroq Toshkent viloyatida o‘quvchilarning tarbiyaviy jazo sifatida majburiy mehnatga jalb etilgani uchun maktab ma’muriyatiga nisbatan ma’muriy jarima qo‘llanilgani haqida ham xabar berilgan edi.





