add

Farg‘onada qariyb 2,5 ming gektar maydonda turistik zona tashkil qilinadi

Bugun 15:321 daqiqa

Prezidentning tegishli qarori bilan tashkil etilayotgan mazkur zona 30 yil muddat davomida faoliyat ko‘rsatishi ko‘zda tutilmoqda.

Farg‘onada qariyb 2,5 ming gektar maydonda turistik zona tashkil qilinadi

Umumiy maydoni 2 396 gektar bo‘lgan «Farg‘ona» turistik-rekreatsion zonasi tashkil etiladi. Bu bo‘yicha O‘zbekiston prezidentining PQ–5-sonli qarori qabul qilindi.

Qayd etilishicha, ushbu turistik zona faoliyat ko‘rsatish muddatini keyinchalik uzaytirish imkoniyati bilan 30 yilga tashkil qilinadi.

Farg‘ona tumanida «Vodil» malina agroturizm klasterini turistik ob’ektga aylantirish uchun zarur infratuzilma yaratiladi va salohiyatli tadbirkorlarni jalb etgan holda malina bog‘lari hududida yengil konstruksiyali xizmat ko‘rsatish ob’ektlari tashkil qilinadi.

Qarorga muvofiq, 2026–2027 yillarda Yozyovon tumani Markaziy Farg‘ona suv ombori atrofidagi yer maydonlarida turizm xizmatlarini tashkil qilish orqali ish o‘rinlari yaratiladi.

Shuningdek, Farg‘ona tumani «Sanoat» va «Hosilot» MFY hududlarida xorijiy mamlakatlarning ijobiy tajribasi asosida malina plantatsiyalarini tashkil qilish, muzlatkichlar va chuqur qayta ishlash sexlarini qurish orqali agroturizm xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq UNESCO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi munosabati bilan Samarqand shahri Qorasuv maskanidagi «Yangi O‘zbekiston» bog‘i yaqinida 5 gektar maydonda «UNESCO bog‘i» tashkil etilishi haqida xabar bergandik.

Teglar

Mavzuga oid