add

Fermerlarni kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqoratlagan Sho‘rchi hokimi o‘rinbosari hayfsan oldi

29.07.2025 | 16:0033435

Sho‘rchida hokim o‘rinbosari fermerlarni «og‘zaki terror qilmoqda» sarlavhali xabarlar tarqaldi. Xabarga ilova qilingan audioda Sho‘rchi tuman hokimi o‘rinbosari ekani aytilgan shaxsning fermerlarni o‘ta qo‘pol va nojo‘ya so‘zlar bilan haqoratlaganini eshitish mumkin.

Fermerlarni kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqoratlagan Sho‘rchi hokimi o‘rinbosari hayfsan oldi
Kecha, 28 iyul kuni Ijtimoiy tarmoqlarda «Sho‘rchida hokim o‘rinbosari fermerlarni og‘zaki terror qilmoqda» sarlavhali xabar tarqaldi.  Xabarga ilova qilingan audioda Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – Tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Alisher Alimardonov ekani aytilgan shaxsning fermerlarni o‘ta qo‘pol va nojo‘ya so‘zlar bilan haqoratlab, sha’nini kamsitganini eshitish mumkin. Vaqt.uz muxbiri fermerlar ommaviy haqoratlanib, kamsitilgan video yuzasidan izoh olish, ovoz Alisher Alimardonovga tegishliligi tasdiqlangan bo‘lsa, unga qanday chora ko‘rilgani yuzasidan Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari Murod Davlatovdan izoh  so‘radi. Davlatovning bildirishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan va qo‘pol haqoratlardan iborat ovoz chindan ham Sho‘rchi tuman hokimi o‘rinbosari Alisher Alimardonovga tegishli.
«Ha, ovoz Alisher Alimardonovniki. Voqea shunday bo‘lgan: Alimardonov shu tumandagi «Shakar ko‘l barakasi» fermer xo‘jaligi rahbari bilan tortishib qoladi. Shu tortishuvdan keyin 2025 yil 20 iyul kuni fermer  spirtli ichimlik ichib olib, sho‘rchilik fermerlar va tuman rahbariyati bor guruhga Alimardonovni qattiq haqorat qilgan holda ovozli xabar yuboradi. Fermerning ovozli xabarida ham Alimardonovning sha’ni, qadr-qimmati qattiq yerga urilgan bo‘lgan. Tuhmat ham bor. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ovoz esa Alimardonovning shu fermerga javobi. Alimardonov bu haqoratlarga 21 iyul kuni javob yuborgan», – dedi Davlatov.
Tahririyat muxbirining ovozli xabar hokim o‘rinbosariniki bo‘lsa, unga qanday jazo tayinlangani haqidagi savoliga esa matbuot kotibi Alimarodonovga hayfsan intizomiy jazosi tayinlanganini aytib, javob berdi.
«Kecha, 28 iyul kuni Alisher Alimardonovga hayfsan intizomiy jazosi tayinlandi. Ish bilan shuningdek, huquqni muhofaza qilish organlari ham shug‘ullanmoqda. Ushbu organlar xulosasi berilgan taqdirda biz ham uni OAVga ma’lum qilamiz», – dedi Murodjon Davlatov.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41 moddasida haqorat qilish, ya’ni shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish – bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Teglar

Mavzuga oid