
Filippinda to‘fon oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi
To‘fon Filippinning markaziy va sharqiy hududlariga kuchli zarba berishi natijasida 1 milliondan ortiq odam xavfli hududlardan ko‘chirildi.

Filippinda «Fung-wong» superto‘foni kuchayib, mamlakatning markaziy va sharqiy hududlariga zarba berdi, deya xabar bermoqda «Reuters» axborot agentligi. Tabiiy ofat natijasida kamida ikki kishi halok bo‘lgan, ko‘plab hududlarda elektr ta’minoti uzilgan.
Qayd etilishicha, bir milliondan ziyod aholi xavfli hududlardan evakuatsiya qilindi. Rasmiylar fuqarolarni hukumatning evakuatsiya buyruqlariga qat’iy amal qilishga chaqirmoqda.
Mahalliy ob-havo xizmati «PAGASA» ma’lumotlariga ko‘ra, to‘fon soatiga 185 kilometr tezlikdagi shamol bilan harakatlanmoqda. Shamol tezligi ba’zi joylarda 230 kilometrgacha yetishi mumkin. Kuchli yomg‘irlar va shamollar tufayli Luzon orolining katta qismida energetika va transport tizimlarida uzilishlar kuzatilmoqda.
Fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi bir nechta aeroportlarni, jumladan, Bikol xalqaro aeroportini va Manila metropoliyasidagi ayrim havo manzillarini vaqtincha yopib qo‘ydi.
«PAGASA» ma’lumotlariga ko‘ra, «Fung-wong» dushanba kundan boshlab shimoli-g‘arbiy yo‘nalishda harakatlanadi. Seshanbada shimolga burilishi, chorshanbada esa Tayvan bo‘g‘oziga yaqinlashishi kutilmoqda. To‘fon payshanba kuni g‘arbiy Tayvanga yetib kelib, keyinchalik kuchini yo‘qotib, Ryukyu orollari yaqinida tropik tizimga aylanishi taxmin qilingan.
Elatib o‘tamiz, avvalroq Braziliyaning janubidagi tornado oqibatida 6 kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi.





