
G‘arb davlatlari Rossiya nefti orqali urushni moliyalashtirishda davom etmoqda
30.05.2025 | 13:0037113
BBC tahlillariga ko‘ra, Rossiya 2022 yildan buyon energiya eksportidan 600 milliard yevro daromad olgan. Bu mablag‘lar Ukrainaga qarshi urushni moliyalashtirishda qo‘llanilmoqda.

Rossiya to‘laqonli urush boshlaganiga to‘rt yil bo‘lsa-da, G‘arb davlatlari undan energiya mahsulotlari xarid qilishni to‘xtatmagan. BBC tahliliga ko‘ra, Moskva 2022 yildan beri energiya eksportidan taxminan 600 milliard yevro daromad topgan. Shuning 228 milliard yevrosi G‘arb davlatlaridan tushgan va bu mablag‘larning asosiy qismi — 209 milliard yevro — Yevropa Ittifoqi hissasiga to‘g‘ri keladi.
Shu bilan birga, sanksiyalarga qaramay, Rossiya nefti va gazi Yevropa bozorida hali ham muhim o‘rin egallab turibdi. Jumladan, 2024 yilning dastlabki ikki oyida Turkiya orqali eksport hajmi 27 foizga oshgan.
CREA tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya nefti Xindiston va Turkiyada qayta ishlanib, “toza mahsulot” sifatida G‘arb davlatlariga qayta eksport qilinmoqda. Faqat 2023 yilning o‘zida bu orqali 6,1 milliard yevro qiymatdagi neft mahsulotlari Yevropa bozoriga kirib kelgan.
Energetika sohasi tahlilchilari YeI davlatlarini Rossiya energiyasidan to‘liq voz kechishga chaqirmoqda. Bundan tashqari, Rossiya “soya floti” orqali sanksiyalarni chetlab o‘tishda davom etmoqda. Mutaxassislar G7 tomonidan joriy qilingan neft narxi chegarasi amalda samarasiz ekanini ta’kidlamoqda.
Mutaxassislar buni ziddiyatli holat deb baholamoqda: bir tomondan G‘arb Ukrainaga yordam ko‘rsatmoqda, ikkinchi tomondan esa Rossiya byudjetiga milliardlab mablag‘ tushishiga yo‘l qo‘ymoqda.





