Gaz, «svet»narxi oshdi: rasmiylar buni tejamkorlik bilan izohlamoqda

Bugun 19:415 daqiqa

Yozning ilk kuni o‘zbekistonliklar uchun yana bir qimmatlashuv bilan boshlandi. Jumladan, 1-iyundan elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari, shuningdek, metan shoxobchalarida metan narxlari oshishi kuzatildi.

Eng qizig‘i, tariflar oshirilishiga izoh berayotgan mutasaddilar buni aholining tejamkor bo‘lishiga xizmat qiladigan chora sifatida aytmoqda.

«Svet», gaz va metan narxi oshdi

Hukumatning «Yoqilg‘i-energetika resurslari narxlarini belgilash to‘g‘risida»gi qaroriga asosan, bugun, 1 – iyundan boshlab elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari narxi oshirildi.
 
Aniqroq qilib aytganda, aholi uchun: tabaqalashtirilgan tariflar saqlab qolindi. Ilgari oddiy maishiy iste’molchilar elektr energiyasining 200 kVt gacha bo‘lgan limiti uchun 600 so‘mdan to‘lagan bo‘lsa, endi 200 kVt soatgacha bo‘lgan hajm uchun 650 so‘mdan to‘laydi. Elektr plitalari bilan jihozlangan uylarda esa bu ko‘rsatkich 325 so‘mni tashkil etadi.
 
Iste’molchilarning boshqa guruhlari: I, II va IV guruh iste’molchilari uchun 1 kVt elektr energiyasi narxi 1 100 so‘m bo‘ladi.
 
Tabiiy gaz narxida ham o‘zgarish bor. Limit doirasida, ya’ni isitish mavsumida 500 kubgacha, yozda esa 100 kubgacha gazning har bir metri 1000 so‘m edi. Endi esa 1100 so‘m to‘laysiz. Bu limitdan oshganlar uchun narx 2000 so‘mga chiqadi.
 
Qolaversa, elektr ta’minotida uzilishlar bo‘lishi haqida fuqarolarga oldindan SMS-xabarnoma yuborish amaliyoti joriy qilinmasligi ma’lum qilindi.  «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ mas’ul xodimi Malika Rasulovaga ko‘ra, bu qo‘shimcha moliyaviy xarajat talab qiladi va bevosita elektr energiyasi tan narxi oshishiga olib keladi.
 
Shuningdek, metan narxi ayrim hududlarda 10 foizgacha oshdi. Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona vodiysi va Toshkent shahrining Bektemir tumanidagi ayrim metan shoxobchalarida gaz narxi 5 ming 700–5 ming 750 so‘mgacha ko‘tarilgani haqida xabarlar tarqaldi. Bungacha metanning chakana narxi aksariyat shoxobchalarda 5 ming 250 so‘m atrofida edi. Yangi narxlar esa hududlarga qarab 8,5–10 foiz atrofida o‘sganini ko‘rsatmoqda. Energetika vazirligi VAQT.UZ'ga bu holat energiya resurslari tariflari oshirilgani bilan bog‘liqligini bildirdi.
 
Munosabat

Bu ko‘rsatkichlar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Energetika vazirligi mutasaddilari esa narxlar qimmatlashishi sababini doimgidek bir qator qiziq sabablar bilan izohlamoqda.
 
Masalan, vazirlik mutaxassisi Elbek Saidovga ko‘ra, elektr energiyasi narxi oshishi orqali aholining kunduzi chiroq yoqmasligi va kirilmagan xonalarni isitmasligiga erishiladi. U bu haqda UzReport telekanalining «Huquqiy nigoh» podkastidagi chiqishida gapirgan.
 

«Elektr tarmoqlariga tushayotgan yuklama ortib bormoqdava bu masala budjet xarajatlariga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Rivojlangan davlatlar tajribasiga nazar tashlasak, elektr energiyasi narxlari ancha yuqori ekanini ko‘ramiz. Masalan, Xitoyda ham elektr energiyasi narxi yuqori. 

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, aholining elektr energiyasidan foydalanishini cheklash yoki turli cheklovlar joriy etish niyatimiz yo‘q. Bizning asosiy maqsadimiz — elektr energiyasidan oqilona va tejamkor foydalanishni rag‘batlantirishdir. Odatda narx oshganda iste’molchi tejamkorlikka ko‘proq e’tibor qaratadi. Masalan, kunduz kuni keraksiz joylarda chiroqlarni yoqib qo‘ymaslik, foydalanilmayotgan xonalarni isitmaslik kabi odatlar shakllanadi», — dedi Elbek Saidov.

Vazirlik bosh mutaxassisi Nasibulla Muhammadjonovga ko‘ra, O‘zbekistondagi elektr energiyasi narxlari jahondagi eng arzon ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib, aholi o‘rtasida tariflar avvaldan yuqori bo‘lgani haqidagi qarashlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

«globalelectric.org saytiga kirib ko‘rsangiz, O‘zbekistondagi energiya narxlari dunyodagi eng arzon top-20 davlatlar qatoriga kirishini ko‘rasiz. Ya’ni O‘zbekistonda elektr energiyasining o‘rtacha narxi 4-5 sentni tashkil qiladi. Xalqimizning «Shunsiz ham yuqori edi, yana oshirildi», degan fikrini to‘g‘rilash uchun bunga to‘g‘ri izoh berish kerak», — dedi u.

Istisodchi Otabek Bakirov esa, o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yuqorida aytilgan statistikaga munosabat bildirib, mana shu kabi to‘qima energoyolg‘onlarni xolis va mustaqil manbalarga asoslanmasdan chiqarmaslik kerakligini aytdi.
 
Unutilgan «uch yillik» barqarorlik

Energetika sohasidagi islohotlar va tariflarni erkinlashtirish siyosati ilk bor kun tartibiga chiqqanda, hukumat va tegishli mutasaddilar tomonidan jamiyatga juda muhim bir va’da berilgan edi: narxlar bir marta bozor tamoyillariga moslashtirilgach, kamida uch yil davomida o‘zgarishsiz qoladi.
 
Bu va’da nafaqat aholining ijtimoiy xotirjamligini ta’minlashi, balki tadbirkorlik subektlari uchun uzoq muddatli biznes-rejalarni tuzishda poydevor bo‘lishi ko‘zda tutilgandi. Biroq, amaldagi voqealar rivoji shuni ko‘rsatmoqdaki, Iqtisodiyot va moliya vazirligi uchun «tariflarni har yili oshirish» hech kim bilan maslahatlashmasdan qilinadigan an’anaga aylanib qoldi.

Oxirgi yillarda energetika tariflari narxining oshib borishi esa avvalgi va’dalarning «unutilganidan» dalolat beradi. Taassufki, berilgan kafolatlar budjet defitsitini yopish, iqtisodiy ko‘rsatkichlardagi kamchiliklarni to‘ldirish va energetika tizimidagi samarasiz boshqaruv xarajatlarini qoplash maqsadida qurbon qilinmoqda.

«G‘alati» tavsiyalar

Energetika, gaz masalasida mas’ullar tomonidan bildirilayotgan bu safargi izohlar ham jamoatchilikka begona emas. Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumani hokimi Anvar Normamatovning 2025-yildagi chiqishi ko‘pchilikning yodida bo‘lsa kerak. O‘shanda hokim gaz taqchilligi sharoitida ayollarni gaz talab qilavermasdan, chalma chopish va tezakdan tappi tayyorlashga chaqirgandi.

Energetika vazirining sobiq matbuot kotibi Hasan Toshxo‘jayevning haydovchilarga gaz bo‘lmasa, benzin quyish yoki elektromobil sotib olish borasidagi maslahati ham yodingizdan ko‘tarilmagan bo‘lsa kerak.
 

«Aytish kerakki, metan zapravka yopiq bo‘lgan taqdirda, haydovchilarimizda boshqa muqobil variant bor. Ya’ni ular bemalol benzin quyishlari mumkin. Xabaringlar bor, benzin birjaga 2 baravar ko‘p miqdorda chiqarilyapti. Agar talab qilinsa, balki 3 baravar ko‘p ham chiqaramiz, bu bo‘yicha hech qanday muammo yo‘q, zaxira yetarli”, – degan edi u.

So‘nggi yillarda energetika tizimidagi muammolar, tariflar oshishi yoki resurslar taqchilligi bilan bog‘liq vaziyatlarda jamoatchilik ko‘pincha bir xil mazmundagi izohlarga duch kelmoqda. Masalan, shunday izohlardan birida ayollarga tappi tayyorlash tavsiya etiladi, boshqasida haydovchilarga elektromobil sotib olish maslahat beriladi, yana boshqasida esa elektr energiyasi qimmatlashishi odamlarni keraksiz chiroqlarni o‘chirishga o‘rgatishi aytiladi. Ammo odamlar-chi, ular navbatdagi tavsiya yoki bahonani emas, balki, tizimning barqaror ishlashini xohlaydi.

Teglar

Nozima Qarshiboyeva

Nozima QarshiboyevaMaqolalar soni: 49

Barchasi

Mavzuga oid