
G‘azo bo‘yicha Tinchlik kengashiga qaysi davlatlar taklif qilindi? (Ro‘yxat)
Avvalroq Tramp Tinchlik kengashiga O‘zbekistonni ham taklif qilgandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur kengashga 50 ta davlat taklif etilgan.
© Фото: bloomberg.com «Bloomberg» nashri Donald Tramp tashabbusi bilan G‘azo bo‘yicha Tinchlik kengashiga a’zolikka taklif etilgan davlatlar ro‘yxatini e’lon qildi. Nashr manbalarga tayanib tuzgan ro‘yxatda jami 49 ta davlat nomi, shuningdek, Yevropa komissiyasi ko‘rsatilgan. Ushbu mamlakatlar orasida O‘zbekiston ham bor.
Kengash rahbari
«Bloomberg»ning yozishicha, Tramp Falastin eksklavida barqaror tinchlikni ta’minlash va hududni qayta tiklashga qaratilgan 20 banddan iborat rejani ilgari surmoqda. Ushbu rejani amalga oshirish uchun yangi xalqaro tuzilma — Tinchlik kengashi tashkil etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, unga AQSH prezidentining o‘zi raislik qiladi.
Kengash nizomi
«Bloomberg»ning qayd etishicha, ayrim davlatlar kengashning ish shartlarini qayta ko‘rib chiqishni taklif qilganiga qaramay, Tramp 22-yanvar kuni Davosda o‘tadigan forum doirasida Tinchlik kengashi nizomini imzolashni rejalashtirmoqda.
Tinchlik kengashiga doimiy a’zo bo‘lish uchun davlatlardan 1 milliard dollar miqdorida badal to‘lash talab etiladi. Tramp tanqidchilari ushbu tuzilmani Birlashgan Millatlar Tashkilotiga muqobil institut sifatida baholamoqda.
Ro‘yxat
Nashr ro‘yxatni manbalar ma’lumoti hamda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan rasmiy va norasmiy xabarlar asosida shakllantirgan. Shu sababli «Bloomberg» hali barcha davlatlar taklifni olganini yoki unga munosabat bildirganini tasdiqlamaganini, ro‘yxat esa yakuniy emasligini ta’kidlamoqda.

Ma’lumot uchun, yuqoridagi ro‘yxatda kengashga taklif etilgan davlatlar sanab o‘tilgan, ularning orasida taklifni rad etganlari ham bor. Jumladan, Fransiya AQSH prezidenti Donald Tramp G‘azo bo‘yicha Tinchlik kengashiga a’zo bo‘lishni rad etgan. Bunga nisbatan Tramp agar Parij kengashga qo‘shilmasa, fransuz vino va shampanlariga 200 foizlik boj joriy etishini ma’lum qilgandi.
«Reuters»ga ko‘ra, Xitoy ham Trampning Tinchlik kengashiga qo‘shilish taklifini olganini tasdiqlagan. Biroq Pekin hozircha ushbu taklifni qabul qilish yoki rad etish borasida aniq qarorga kelganini ochiqlamagan. Bu holat Xitoy va Vashington o‘rtasida yaqinda erishilgan savdo sohasidagi nozik kelishuvlar fonida kuzatilmoqda.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Tinchlik kengashida ta’sischi davlat sifatida ishtirok etish taklifini qabul qilgani haqida xabar bergandik.





