add

Germaniya Rossiyaga neft va gazdan tushadigan daromadni to‘sishni talab qilmoqda

21.05.2025 | 18:4147523

Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius Rossiyaga neft va gazdan keladigan pul oqimini to‘liq to‘xtatish kerakligini bildirdi. U Trampning Putinga ta’siri haqidagi fikrlarini ham shubha ostiga oldi.

Germaniya Rossiyaga neft va gazdan tushadigan daromadni to‘sishni talab qilmoqda
Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi sanksiyalarining 17-paketi qabul qilinganidan so‘ng Moskvaga kelayotgan moliyaviy oqimlarni to‘xtatishni yanada kuchaytirish kerakligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya hanuz neft va gaz eksportidan katta daromad olib, urushni moliyalashtirmoqda. «Faqat shundagina Rossiyaning vaziyatini jiddiy qiyinlashtirish mumkin», — dedi u Deutschlandfunk radiosi efirida. U Ukrainaga harbiy yordamni kuchaytirish zarurligini ham ta’kidladi. Pistoriusga ko‘ra, Ukrainada harbiy sanoat quvvatlari bor, ammo moliyaviy yetishmovchilik ulardan to‘liq foydalanishga to‘sqinlik qilyapti. Germaniya bu bo‘shliqni to‘ldirishga tayyorligini bildirdi, deb yozmoqda Deutsche Welle. Tramp va Putin o‘rtasidagi yaqindagi telefon suhbati haqida fikr bildirgan GFR mudofaa vaziri Tramp o‘zining Putinga ta’sirini ortiqcha baholab yuborganini ta’kidladi. «Aslida, hech narsa sodir bo‘layotgani yo‘q. Bu faqat yangi vaqt va joy haqida gaplar, bu esa faqat Putinga hujumlarni davom ettirish imkonini berayapti», — dedi Pistorius. Yevropa Ittifoqining 17-paketdagi sanksiyalari doirasida Rossiyaning neft tashuvchi «xufiyona floti»ga qarshi cheklovlarni kuchaytirdi. Shuningdek, sanksiyalarning 18-paketi ustida ham ish boshlangan. Pistorius Vashingtonning ushbu cheklovlarga qo‘shilishi hali aniq emasligini, muzokaralar davom etayotganini ma’lum qildi.

Teglar

Mavzuga oid