Logo

Go‘sht narxi va daromadlar tafovuti: kim uchun go‘sht «hashamat»ga aylanmoqda?

Bugun 20:364 daqiqa

Go‘sht narxlari ketma-ket bir necha haftadan buyon qimmatlashmoqda. Ammo asosiy muammo narxning o‘zi emas: ayrim hududlarda aholi bir oylik daromadiga poytaxtdagilarga nisbatan ikki barobar kamroq go‘sht sotib olishi mumkin.

Go‘sht narxi va daromadlar tafovuti: kim uchun go‘sht «hashamat»ga aylanmoqda?

O‘zbekistonda go‘sht narxlari ketma-ket bir necha haftadan buyon o‘sishda davom etmoqda. “Narxtahlil” ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan hafta mol go‘shti narxi 0,6 foizga qimmatlashgan bo‘lsa, joriy haftada ham o‘sish sur’ati saqlanib qolib, yana 0,5 foizga oshdi. 

Natijada mamlakat bo‘yicha mol go‘shtining o‘rtacha narxi 122 ming 368 so‘mga yetdi. Qo‘y go‘shti narxi ham uchinchi hafta ketma-ket ko‘tarilib, 0,4 foizga oshdi va 133 ming 396 so‘mni tashkil etdi.

Mutaxassislar fikricha, go‘sht bozoridagi narx bosimi hanuz yuqoriligicha qolmoqda. O‘tgan hafta ulgurji bozorda qo‘y go‘shti narxining oshgani kuzatilgan bo‘lsa, bu hafta chakana savdoda ham qimmatlashish davom etdi. Mol go‘shti bozorida ulgurji segment nisbatan barqaror qolayotganiga qaramay, chakana savdoda narxlar asta-sekin yuqorilamoqda. Bu esa ulgurji va chakana bozorlar o‘rtasidagi tafovut saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi.

Bunga qaramay, go‘sht narxining o‘sishi ichki bozordagi taklif muammolari bilan bir qatorda tashqi omillar bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin. Avvalroq go‘sht importi 47 foizga oshgani, shu bilan birga xorijdan qimmatroq narxlarda mahsulot xarid qilinayotgani ma’lum qilingan edi. Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng qimmat go‘sht aynan O‘zbekistonda sotilayotgani haqidagi ma’lumotlar ham e’lon qilingan.

Hududlar o‘rtasidagi tafovut keskin

Hudud

Joriy narx

Avvalgi narx

O'zgarish (%)

Toshkent shahri

132 785

132 192

0.45

Jizzax viloyati

132 759

131 381

1.05

Namangan viloyati

127 072

128 799

-1.34

Samarqand viloyati

126 396

126 144

0.2

Surxondaryo viloyati

125 114

123 599

1.23

Sirdaryo viloyati

125 108

124 497

0.49

Andijon viloyati

124 163

122 390

1.45

Farg'ona viloyati

123 925

123 010

0.74

Toshkent viloyati

123 298

123 335

-0.03

Navoiy viloyati

119 574

120 366

-0.66

Qashqadaryo viloyati

119 053

119 082

-0.02

Buxoro viloyati

117 249

115 736

1.31

Xorazm viloyati

114 755

113 951

0.71

Qoraqalpog'iston Respublikasi

107 505

106 491

0.95

3-iyun holatiga ko‘ra, mol go‘shti narxlari hududlar kesimida sezilarli darajada farqlanmoqda. Eng qimmat go‘sht Toshkent shahri va Jizzax viloyatida qayd etilgan. Poytaxtda 1 kilogramm mol go‘shtining o‘rtacha narxi 132 ming 785 so‘mni, Jizzaxda esa 132 ming 759 so‘mni tashkil qilgan.

Eng arzon mol go‘shti esa Qoraqalpog‘iston Respublikasida sotilmoqda. Bu yerda o‘rtacha narx 107 ming 505 so‘mga teng. Xorazm viloyati (114 ming 755 so‘m) va Buxoro viloyati (117 ming 249 so‘m) ham mamlakat o‘rtacha ko‘rsatkichidan ancha past narxlar bilan ajralib turadi.

Haftalik o‘zgarishlar bo‘yicha eng katta o‘sish Andijon viloyatida qayd etildi. Bu hududda bir hafta ichida narx 1,45 foizga yoki 1 ming 773 so‘mga qimmatlashgan. Keyingi o‘rinlarda Buxoro (1,31 foiz) va Surxondaryo (1,23 foiz) viloyatlari joylashgan.

Aksincha, Namangan viloyatida narxlar 1,34 foizga yoki 1 ming 727 so‘mga pasaygan. Navoiy viloyatida ham 0,66 foizlik arzonlashish kuzatilgan.

Bugungi kunda eng qimmat va eng arzon hududlar o‘rtasidagi narx farqi 25 ming so‘mdan oshmoqda. Bu esa mamlakat bo‘yicha yagona bozor shakllanayotganiga qaramay, hududlar kesimida sezilarli tafovutlar saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi.

Nominal narx va haqiqiy qimmatlik o‘rtasidagi farq

1

Manba: Mirkonomika

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning ta’kidlashicha, go‘sht bozorini faqat nominal narxlar orqali baholash to‘liq tasavvur bermaydi. Chunki mahsulotning haqiqiy qimmat yoki arzonligi aholining daromadiga bog‘liq.

Masalan, nominal narx bo‘yicha eng qimmat hudud Toshkent shahri hisoblanadi. Biroq o‘rtacha ish haqi bilan solishtirilganda poytaxt aholisi go‘shtni eng arzon xarid qilayotgan hududlardan biri bo‘lib chiqadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘rtacha toshkentlik oylik daromadi evaziga 88 kilogramm mol go‘shti sotib olishi mumkin.

Taqqoslash uchun, Surxondaryo viloyatida o‘rtacha maosh hisobidan atigi 37,8 kilogramm go‘sht xarid qilish mumkin. Ya’ni surxondaryoliklarning go‘sht xarid qilish imkoniyati toshkentliklarga nisbatan 2,3 barobar past.

Xarid qobiliyati bo‘yicha Navoiy viloyati ham yuqori natija qayd etgan bo‘lib, bu yerda o‘rtacha maosh evaziga 70,7 kilogramm go‘sht xarid qilish mumkin. Toshkent viloyatida esa bu ko‘rsatkich 50 kilogrammni tashkil etadi. Qoraqalpog‘istonda ish haqi nisbatan pastroq bo‘lishiga qaramay, go‘sht narxlarining arzonligi xarid qobiliyatini yuqori saqlab turibdi.

Surxondaryo singari Jizzax, Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida ham go‘shtning xarid qobiliyati nuqtai nazaridan qimmatligi kuzatilmoqda. Bu hududlarda aholi daromadlari go‘sht narxlari bilan taqqoslaganda ancha past darajada qolmoqda.

Eng qimmat va eng arzon tumanlar

2

Tumanlar kesimida esa vaziyat yanada qiziqroq. Xarid qobiliyati bo‘yicha eng qimmat hudud Jizzax viloyatining Forish tumani bo‘lib chiqdi. Bu yerda o‘rtacha oylik maosh hisobidan atigi 26 kilogramm mol go‘shti sotib olish mumkin. Shu bilan birga, tumanda nominal narx ham mamlakatdagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib, 1 kilogramm go‘sht 140 ming 200 so‘mdan sotilmoqda.

3

Aksincha, Mirobod, Shayxontohur, Yunusobod va Uchquduq tumanlari xarid qobiliyati bo‘yicha eng qulay hududlar qatoriga kiradi. Ushbu tumanlarda o‘rtacha maosh hisobidan 100 kilogrammdan ortiq mol go‘shti xarid qilish mumkin.

E’tiborlisi, go‘sht xarid qilish eng qulay bo‘lgan 20 ta tumanning 8 tasi Toshkent shahrida joylashgan.

Go‘sht bozoridagi asosiy muammo faqat narxlarning o‘zi emas, balki aholi daromadlari bilan bog‘liq tafovutdir. Statistikada eng qimmat go‘sht Toshkentda sotilayotgandek ko‘rinsa-da, xarid qobiliyati nuqtai nazaridan eng og‘ir vaziyat Surxondaryo, Jizzax, Qashqadaryo va Namangan kabi hududlarda shakllangan. Bu viloyatlarda aholi bir oylik maoshi evaziga poytaxtdagilarga nisbatan ikki barobargacha kamroq go‘sht xarid qila oladi.

Go‘sht importining 47 foizga oshgani, narxlarning ketma-ket bir necha hafta davomida ko‘tarilayotgani va hududlar o‘rtasidagi tafovutning 25 ming so‘mdan ortiq ekani bozordagi nomutanosibliklar saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda. Agar daromadlar o‘sishi narxlar sur’atidan ortda qolishda davom etsa, go‘sht ayrim hududlar aholisi uchun tobora lyuks mahsulotga aylanishi mumkin. Bu holat esa muammo go‘sht narxining o‘zida emas, balki aholining real xarid qobiliyatida ekanini yana bir bor ko‘rsatadi. Daromadlar va imkoniyatlar o‘rtasidagi tafovut qisqarmas ekan, go‘sht bozoridagi hududiy tengsizlik ham saqlanib qolaveradi.

Teglar

Mahliyo Hamidova

Mahliyo HamidovaMaqolalar soni: 148

Barchasi

Mavzuga oid