Logo

Haftalik narxlar: qaysi mahsulot arzonladi, qaysi oshdi?

Go‘sht mahsulotlari qimmatlashishda davom etayotgan bir paytda, sabzavot va mevalarda mavsumiy arzonlashuv kuchaymoqda. Shu bilan birga, mol go‘shtining eng yuqori narxi Toshkent shahri va Jizzax viloyatida qayd etilgan bo‘lsa, eng arzon narx Qoraqalpog‘istonda kuzatildi.

Haftalik narxlar: qaysi mahsulot arzonladi, qaysi oshdi?

Markaziy bankning «narxtahlil.uz» platformasida e’lon qilingan haftalik ma’lumotlar oziq-ovqat bozorida turlicha dinamika shakllanganini ko‘rsatdi. Go‘sht mahsulotlarida narx o‘sishi saqlanib qolgan bo‘lsa, ayrim asosiy iste’mol mahsulotlari narxi deyarli o‘zgarmagan.

3-iyun holatiga ko‘ra, go‘sht mahsulotlarida narx o‘sishi davom etmoqda. Shuningdek, bahorgi mavsumiy omillar sabzavotlar bozoriga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Mevalar segmentida esa holat turlicha bo‘lib, ayrim mahsulotlarda pasayish davom etgan bo‘lsa, boshqalarida nisbatan barqarorlik saqlanib qoldi.

Asosiy mahsulotlar

Hafta davomida asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxi nisbatan barqaror bo‘ldi. Xususan, paxta yog‘i narxi 20 ming 248 so‘mga tushib, 0,1 foizga arzonlashdi. Kungaboqar yog‘i esa 21 ming 520 so‘mga ko‘tarilgan bo‘lsa-da, amalda narxi o‘zgarmagan.

Un mahsulotlari segmentida ham narxlar deyarli o‘zgarmadi. Birinchi nav un narxi o‘tgan haftadagi 6 ming 260 so‘mdan 6 ming 262 so‘mga yetdi va amalda avvalgi darajada saqlanib qoldi. Oliy nav un esa 0,2 foizga arzonlab, 9 ming 362 so‘mni tashkil qildi.

Go‘sht mahsulotlari narxi esa o‘sishda davom etmoqda. O‘tgan hafta mol go‘shti narxi 0,6 foizga qimmatlashgan bo‘lsa, bu hafta o‘sish 0,5 foizni tashkil etib, mahsulotning o‘rtacha narxi 122 ming 368 so‘mga yetdi. Qo‘y go‘shti ham ketma-ket uchinchi hafta o‘sishni qayd etib, 0,4 foizga qimmatlashdi va 133 ming 396 so‘mga chiqdi.

O‘tgan hafta ulgurji bozorda ham qo‘y go‘shti narxi oshgani kuzatilgan edi. Joriy haftada ham chakana bozorda yuqori narx bosimi saqlanib qolmoqda. Mol go‘shti bozorida esa ulgurji segment nisbatan barqaror bo‘lsa-da, chakana savdoda narxlar asta-sekin o‘sishda davom etmoqda. Bu holat chakana va ulgurji bozor o‘rtasidagi tafovut saqlanib qolayotganidan dalolat beradi.

Ma’lumot uchun, avvalroq go‘sht importi 47 foizga oshib, xorijdan qimmatroq go‘sht xarid qilinayotgani haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng qimmat go‘sht aynan O‘zbekistonda ekani ma’lum qilingan.

Tuxum, guruch va shakar kabi kundalik iste’mol mahsulotlari narxida esa sezilarli o‘zgarish kuzatilmadi. Tuxum va tovuq go‘shti narxi 0,1 foizga arzonladi. Mazkur mahsulotlarda narxlarning deyarli o‘zgarmagani bozorda talab va taklif o‘rtasidagi muvozanat saqlanayotganini ko‘rsatadi.

Sut mahsulotlari narxi o‘zgarishsiz qoldi. Bu mahsulot o‘tgan haftada 0,4 foizga pasaygan edi. Guruch narxi ham 14 ming 107 so‘mdan 14 ming 046 so‘mga tushib, 0,4 foizlik arzonlashishni qayd etdi. Shakar narxi esa 13 ming 213 so‘m darajasida saqlanib qoldi va hafta davomida o‘zgarmadi.

Mahsulot 

26.05.26

3.06.26

O’zgarish (%)

Paxta yog’i (1litr)

20 261

20 248

-0,1 %

Kungaboqar yog’i

21 518

21 520

0 %

Un (1-nav) 

6 260

6 262

0 %

Mol go’shti 

121 762

122 368

+0,5 %

Qo’y go’shti

132 880

133 396

+0,4 %

Tuxum

11 806 

11 792

-0,1 %


Sabzavotlar

Sabzavot bozorida mavsumiy arzonlashuv tendensiyasi davom etdi. O‘tgan hafta bulg‘or qalampiri 18,1 foizga arzonlashgan bo‘lsa, bu hafta ham uning narxi keskin tushib, yana 22 foizga pasaydi.

Pomidor narxi ham ketma-ket uchinchi hafta keskin tushmoqda. Hafta davomida pomidor 24,3 foizga arzonlab, 9 ming 908 so‘mni tashkil qildi. Taqqoslash uchun, o‘tgan hafta ushbu mahsulot narxi 16,2 foizga pasaygan edi.

Bodring narxi ham arzonlashishda davom etdi. Uning o‘rtacha narxi 6 ming 355 so‘mni tashkil etib, bir hafta ichida 18,9 foizga pasaydi. O‘tgan haftada esa bodring 7 ming 836 so‘mdan sotilgan edi.

Kartoshka va karam mahsulotlarida ham narxlar pasayishi davom etdi. Kartoshka narxi 4,2 foizga arzonlab, 6 ming 138 so‘mga tushdi. Karam esa 3,4 foizga arzonlashib, 3 ming 787 so‘mga yetdi.

Sabzi va piyoz narxlarida esa aksincha o‘sish kuzatildi. Sabzi narxi 1,2 foizga oshib, 3 ming 654 so‘mga yetdi. Piyozda esa boshqa mahsulotlarga nisbatan eng yuqori o‘sish qayd etildi. Bir kilogramm piyoz narxi 2 ming 271 so‘mga yetib, o‘tgan haftaga nisbatan 2 foizga qimmatlashdi.

Ayrim sabzavotlarda narxlarning oshishi yangi hosil hajmi hali to‘liq shakllanmagani bilan izohlanishi mumkin. Shu bilan birga, bozorga yangi hosillarning ko‘proq kirib kelishi pomidor, bodring va bulg‘or qalampiri kabi mahsulotlar narxining keskin pasayishiga turtki bermoqda.

Mahsulot

26.05.26

3.06.26

O’zgarish (%)

Kartoshka (1 kg)

6 407

6 138

-4,2%

Piyoz (1kg)

2 271

2 227

+2 %

Sabzi (1 kg)

3 654

3 611

+1,2 %

Pomidor (1 kg)

13 083

9 908

-24,3 %

Bodring (1 kg)

7 836

6 355

-18,9 %


Mevalar

Mevalar segmentida aksariyat mahsulotlar narxining pasaygani kuzatildi. Eng katta pasayish uzum narxida qayd etilib, bir hafta davomida 2,4 foizga arzonlashdi. Natijada 1 kg uzumning o‘rtacha narxi 30 ming 215 so‘mni tashkil qildi. Qizig‘i, ushbu mahsulot narxi bundan oldin ketma-ket ikki hafta davomida qimmatlashayotgan edi.

Olma va nok mahsulotlari narxlarida ham pasayish tendensiyasi saqlanib qolmoqda. O‘tgan hafta olma narxi 0,7 foizga qimmatlashgan bo‘lsa, bu hafta aksincha 0,4 foizga arzonlab, 15 ming 933 so‘mga tushdi.

Nok narxi ham 0,7 foizga pasayib, 21 ming 59 so‘mni tashkil qildi. Taqqoslash uchun, o‘tgan haftaning shu davrida mazkur mahsulot 21 ming 200 so‘mdan sotilgan edi.

Limon narxi esa aksincha o‘sishda davom etmoqda. O‘tgan hafta mahsulot 0,9 foizga qimmatlashgan bo‘lsa, bu hafta ham o‘sish saqlanib, 0,4 foizni tashkil qildi. Natijada 1 kg limonning o‘rtacha narxi 48 ming 436 so‘mga yetdi.

Umuman olganda, mevalar bozorida narxlar pasayish tomon harakatlanayotgan bo‘lsa-da, limon mahsulotida qimmatlashuv tendensiyasi saqlanib qolmoqda.

Mahsulot

26.05.26

3.06.26

O’zgarish (%)

Olma

15 922

15 933

-0,4 %

Nok

21 200

21 059

-0,7 %

Limon

48 248

48 436

+0,4 %

Uzum

30 950

30 215

-2,4 %


Hafta davomida oziq-ovqat bozorida turlicha dinamika kuzatildi. Go‘sht mahsulotlari narxi o‘sishda davom etgan bo‘lsa, sabzavot va meva-sabzavotlarda mavsumiy arzonlashuv kuchaydi. Ayniqsa, pomidor va bodring narxining keskin pasayishi bozorga yangi hosillar kirib kelayotganini ko‘rsatmoqda. Asosiy iste’mol mahsulotlarining aksariyatida esa narxlar barqaror saqlanib qoldi.

Hududlar kesimida go‘sht narxi qanday?

3-iyun holatiga ko‘ra, mol go‘shti narxi hududlar kesimida sezilarli darajada farq qilmoqda. Eng qimmat go‘sht Toshkent shahri va Jizzax viloyatida qayd etildi. Toshkent shahrida 1 kg mol go‘shtining o‘rtacha narxi 132 ming 785 so‘mni, Jizzax viloyatida esa 132 ming 759 so‘mni tashkil qildi.

Eng arzon mol go‘shti Qoraqalpog‘iston Respublikasida sotilmoqda. Bu yerda 1 kg go‘shtning o‘rtacha narxi 107 ming 505 so‘mni tashkil etgan. Shuningdek, Xorazm viloyatida 114 ming 755 so‘m va Buxoro viloyatida 117 ming 249 so‘mlik narxlar ham respublika o‘rtacha ko‘rsatkichidan past bo‘lib qolmoqda.

Haftalik o‘zgarishlar bo‘yicha eng katta narx o‘sishi Andijon viloyatida kuzatildi. Bu hududda go‘sht narxi bir hafta ichida 1,45 foizga yoki 1 ming 773 so‘mga qimmatlashdi. Keyingi o‘rinlarda Buxoro viloyati (1,31 foiz) va Surxondaryo viloyati (1,23 foiz) qayd etildi.

Aksincha, narxlar eng ko‘p Namangan viloyatida pasayib, bir hafta ichida 1,34 foizga yoki 1 ming 727 so‘mga arzonladi. Navoiy viloyatida ham 0,66 foizlik pasayish kuzatildi.

Umuman olganda, eng qimmat va eng arzon hududlar o‘rtasidagi farq 25 ming so‘mdan oshmoqda. Bu esa mamlakat bo‘yicha go‘sht bozorida hududiy narxlar tafovuti hali ham yuqori darajada saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi.

Hudud

Joriy narx

Avvalgi narx

O'zgarish (%)

Toshkent shahri

132 785

132 192

0.45

Jizzax viloyati

132 759

131 381

1.05

Namangan viloyati

127 072

128 799

-1.34

Samarqand viloyati

126 396

126 144

0.2

Surxondaryo viloyati

125 114

123 599

1.23

Sirdaryo viloyati

125 108

124 497

0.49

Andijon viloyati

124 163

122 390

1.45

Farg'ona viloyati

123 925

123 010

0.74

Toshkent viloyati

123 298

123 335

-0.03

Navoiy viloyati

119 574

120 366

-0.66

Qashqadaryo viloyati

119 053

119 082

-0.02

Buxoro viloyati

117 249

115 736

1.31

Xorazm viloyati

114 755

113 951

0.71

Qoraqalpog'iston Respublikasi

107 505

106 491

0.95


Eslatib o‘tamiz, avvalroq 13–20-may holatidagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘zgarishini ham tahlil qilgan edik.

Teglar

Mavzuga oid

Haftalik narxlar: qaysi mahsulot arzonladi, qaysi oshdi? | Vaqt.uz