add

Go‘sht narxlari dunyo bo‘ylab qimmatlashmoqda. Sabablar

08.09.2025 | 18:4028357

Dunyoda go‘sht narxlari yettinchi oy oshmoqda. AQSH va Xitoy talabining kuchayishi, chorva qisqarishi narxlarni rekord darajaga chiqardi. O‘zbekistonda ham import qilingan go‘sht narxi keskin oshmoqda.

Go‘sht narxlari dunyo bo‘ylab qimmatlashmoqda. Sabablar
Dunyo bo‘yicha go‘sht narxi ketma-ket yettinchi oydirki, oshishda davom etmoqda. Tahlilchilarning aytishicha, buning asosiy sababi AQSH va Xitoyda mol go‘shtiga talabning kuchayishi hamda chorva mollari sonining kamayishi bilan bog‘liq. BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, avgust oyida narxlar rekord darajada qimmatlashdi. Bu esa ayrim mamlakatlarda inflyatsiya bosimini yanada kuchaytirdi. Xususan, iyul oyida Buyuk Britaniyada mol go‘shti va buzoq go‘shti iste’mol narxlari qariyb 25 foizga oshgan. Gosht jadval Bundan tashqari, narxlarning o‘sishi iqlim o‘zgarishlari va turli kasalliklar bilan bog‘liq. AQSHda qoramol soni so‘nggi o‘n yillikda eng past darajaga tushib ketgan bo‘lsa, yetakchi eksportchi Braziliyada ham chorva zaxiralari qisqarib bormoqda. Tahlilchilarning fikricha, cut mahsulotlari narxining ko‘tarilishi ham bozorga qo‘shimcha bosim beryapti, chunki so‘yishga mo‘ljallangan qoramollar soni kamaymoqda.   O‘zbekistonga ta’siri qanday? Avgust oyida O‘zbekistonda ham import qilinayotgan go‘sht narxi sezilarli darajada oshgan. Shu davrda go‘sht mahsulotlari importi 84,7 mln dollarga yetdi. Bu ko‘rsatkich iyul oyida qayd etilgan 81,7 mln dollarlik importdan yuqori bo‘lib, navbatdagi yangi rekord hisoblanadi. Import tarkibida eng katta ulushni mol go‘shti egallamoqda. Avgustda uning hajmi 66,1 mln dollarni tashkil qildi va bu yo‘nalishda o‘sish sur’ati biroz to‘xtagani qayd etildi.  Shu bilan birga, qo‘y go‘shti importi yuqori sur’atda ortmoqda: oylik hajm 7,6 mln dollarga yetdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan qariyb ikki barobar ko‘pdir. Tovuq go‘shti importi esa 7 mln dollar miqdorida, ya’ni o‘tgan yil darajasida qolmoqda.

Tovar

2025-yil avgust (miqdori, kg) 2025-yil avgust (ming dollar) 2025-yil yanvar-avgust (miqdori, kg)

2025-yil yanvar-avgust (ming dollar)

Jami - 84 737,8 - 505 235,6
Qoramol go‘shti 15 530 777,7 66 071,2 97 974 745,6 399 161,1
Tovuq go‘shti 5 834 972,8 7 035,9 37 808 137,8 44 160,1
Qo‘y go‘shti 3 194 003,2 7 641,0 16 935 518,4 26 985,0
Go‘sht submahsulotlari 2 214 102,3 1 537,4 20 424 250,0 19 499,8
Manba: Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga asoslanib tayyorlandi Import hajmlarining o‘sishi bilan narxlarda ham oshish kuzatilmoqda. Avgust oyida mol go‘shti har kilogrammi uchun o‘rtacha 4,25 dollardan (53 ming 193 so‘m) import qilindi, bu esa iyul oyiga nisbatan 0,22 dollarga qimmat. Qo‘y go‘shti narxi 2,39 dollarga (29 ming 910 so‘m) yetdi, tovuq go‘shti esa 1,25 dollardan (15 ming 645 so‘m) keltirildi. Statistika agentligiga ko‘ra, 2025 yilning dastlabki 7 oyida go‘sht va go‘sht mahsulotlari importi qiymati o‘tgan yilning shu davriga qaraganda 74 foizga oshib, 420 mln dollarga teng bo‘lgan. Avvalroq import qilingan go‘sht narxlariga oid surishtiruvimizni e’lon qilgan edik. Toshkent shahar hokimligi bozorlarda arzonlashtirilgan go‘shtlar sotilishni boshlagani, natijada narxlar barqarorlashganini ma’lum qilgan. Unga ko‘ra, Belarus, Hindiston, Pokiston va Qozog‘istondan kelgan  mol go‘shtlari 65 ming so‘mdan 95 ming so‘mgacha sotilayotgani ma’lum bo‘lgan edi. Mahliyo Hamidova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid