
«Hammani baravariga ishdan olish kerak». Zoir Mirzayev bog‘cha bolalarining zaharlanishiga sababchi bo‘lganlar haqida gapirdi
07.10.2025 | 19:2045295
«Bizlarni o‘shanda Xudo asradi. Agar 5-6 milliard so‘mlik dori-darmonlar vaqtida bo‘lmaganda bilmadim nima bo‘lardi», - degan hokim.

Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev viloyatning bir qancha tumanidagi davlat bog‘chalarida ikki mingga yaqin bola ommaviy zaharlangani uchun Sanepidqo‘mitaning viloyat boshqarmasi boshlig‘idan tortib, o‘sha tuman bo‘limi boshliqlarini ham baravariga ishdan olish kerakligini aytdi. Bu haqda u kecha, 6 oktyabr kuni Xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdagi sessiyasidagi murojaatida so‘z ochdi, deya xabar bermoqda Daryo.uz.
«SES rahbarlarining hammasini lavozimidan ozod qilish kerak. Viloyatdan boshlab hammasini. Bizlarni o‘shanda Xudo asradi. Agar 5-6 milliard so‘mlik dori-darmonlar vaqtida bo‘lmaganda bilmadim nima bo‘lardi», - deydi Zoir Mirzayev vaziyatni yodga olar ekan.
Zoir Mirzayev voqeada aybdor deb sanalayotganlar 11 kishiga yetganini qo‘shimcha qildi.
«Autsorsing tizimi qonun oldida javob beradi. Qamoqqa olinganlar, 11 kishi bo‘ldi», - degan hokim.
24 sentyabr kuni Toshkent viloyatining Piskent va Bo‘ka tumanlaridagi bir necha bog‘cha tarbiyalanuvchilari zaharlanish almatlari bilan shifoxonalarga murojaat qilingandi. 25 sentyabr kuni kechqurun MTV kasalxonalarda 109 nafar bola, jumladan, Quyi Chirchiq tumanida 12 nafar va Oqqo‘rg‘on tumanida 97 nafar bola borligini ma’lum qildi, ularning ahvoli barqaror deb baholandi.
Dastlabki taxminlarga ko‘ra, bolalar sog‘lig‘idagi o‘zgarishlarga sifatsiz sut mahsulotlari sabab bo‘lgan.
25 sentyabr kuni maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova mazkur holatlarni shaxsan o‘rganish maqsadida Quyi Chirchiq, Oqqo‘rg‘on, Piskent va Bo‘ka tumanlaridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bo‘ldi. Bog‘chalarning ayni vaqtdagi holati, oshxonalardagi mavjud sharoitlar ko‘zdan kechirdi.
26 sentyabrda salkam 2 ming nafar bola zaharlangani ma’lum bo‘ldi. Holat yuzasidan 7 kishi qamoqqa olingan. Ularning 2 nafari bolalar zaharlanishiga sabab bo‘lgan mahsulot ishlab chiqaruvchilari bo‘lsa, qolganlari autsorsing bilan shug‘ullangan kompaniya vakillari. 27 sentyabrda bolalar ahvoli yaxshilanayotgani bois uylariga javob berilayotgani ma’lum qilindi. Dori vositalarining yetarli zaxirasi yaratilgani, barcha bolalarning sog‘lig‘i davlat nazoratida ekani bildirildi.





