
Havoni ifloslayotgan yuk mashinalariga chora ko‘rildi
Ekologiya qo‘mitasi va YHXB reydlari davomida yuk mashinalarida yukni berkitish qoidalari buzilgan holatlar aniqlanib, haydovchilarga chora ko‘rildi.

O‘zbekistonda atrof-muhitni muhofaza qilish va yo‘llardagi sanitariya talablariga rioya etilishini ta’minlash maqsadida nazorat kuchaytirildi. Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hamda Ichki ishlar vazirligi YHXB xodimlari tomonidan yuk transport vositalari faoliyatiga qaratilgan maxsus reydlar o‘tkazilmoqda.
Reydlar davomida haydovchilarning ekologik talablarga qanday amal qilayotgani o‘rganildi. Jumladan, qurilish materiallari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yoki sanoat tovarlari kabi tarkibi yoyilishi mumkin bo‘lgan yuklarni tashishda ularning brezent yoki qalin mato bilan berkitilgan-berkitilmagani tekshirildi. Amaldagi yo‘l harakati qoidalarining 162-bandda aniq belgilanganidek, bu turdagi yuklar ochiq holda tashilishi qat’iyan man etilgan.
Huquqbuzarlik aniqlangan holatlarda haydovchilarga ma’muriy choralar qo‘llandi hamda ularga yukni berkitishning ahamiyati yuzasidan tushuntirish ishlari o‘tkazildi.
Avvalroq Chirchiq tumanlararo iqtisodiy sudining 2025 yil 26-noyabrdagi hal qiluv qarori bilan «MAXAM-CHIRCHIQ» AJning faoliyati vaqtinchalik to‘xtatilgani haqida xabar berilgandi.





