add

Haydovchilardan ID karta va haydovchilik guvohnomasining asl nusxasi talab qilinadi

02.07.2025 | 08:1544854

O‘zbekistonda haydovchilar yo‘l-patrul xizmati xodimlariga faqat hujjatlarning asl nusxalarini taqdim etishi shart. Elektron ko‘rinishdagi hujjatlar yo‘lda qabul qilinmaydi.

Haydovchilardan ID karta va haydovchilik guvohnomasining asl nusxasi talab qilinadi
YHXX matbuot xizmati ma’lum qilishicha, so‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda haydovchilar elektron ko‘rinishdagi pasport yoki haydovchilik guvohnomasini ko‘rsatishi mumkinligi haqida noto‘g‘ri xabarlar tarqaldi. Aslida, bu amalda qo‘llanilmaydi. Yo‘l-patrul xizmati xodimlari haydovchidan pasport yoki ID-karta, haydovchilik guvohnomasi, mashina uchun texnik pasport va boshqa zarur hujjatlarning aslini talab qiladi. YHXXning tushuntirishicha, elektron hujjatlar faqat Ma’muriy amaliyotlar markazi va ro‘yxatdan o‘tkazish hamda imtihon bo‘limlarida qabul qilinadi. Yo‘ldagi tekshiruvlarda esa ular hech qanday kuchga ega emas. Chunki qog‘ozdagi nusxani planshetga solib tekshirib bo‘lmaydi. Shu bilan birga, hozirda qonunchilikka ko‘ra, agar haydovchida pasport yoki ID-karta bo‘lsa, unda haydovchilik guvohnomasi, mashina hujjatlari yoki sug‘urta polisi hamda tonirovka uchun ruxsatnoma olib yurishi shart emas. Bu haqda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 135-moddasida belgilab qo‘yilgan. Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 27 dekabrdagi qaroriga ko‘ra, 1 iyuldan e’tiboran elektron hujjatlar notariuslar, banklar, ichki reyslar uchun aviachiptalar va temir yo‘l chiptalarini sotib olishda to‘liq kuchga ega hisoblanadi. Shuningdek, davlat xizmatlari va elektron xizmatlarda ham qog‘ozdagi nusxalar talab etilmaydi. YAIDXP yoki «Ijtimoiy karta» orqali biometrik pasport, ID-karta, haydovchilik guvohnomasi, texnika pasporti, sug‘urta polisi va boshqa ko‘plab hujjatlarning elektron ko‘rinishlari olish mumkin. Biroq ular yo‘lda yo‘l-patrul xizmatchilariga taqdim etish uchun yetarli emas.

Teglar

Mavzuga oid