Logo

Oltin narxi yana tushadimi? Investorlar AQSH qarorini kutmoqda

Bugun 13:273 daqiqa

23-oktabr kuni oltin va kumush fyucherslari arzonlashdi. Neft narxining o‘sishi, inflatsiya xavfi va AQSH Federal zaxira tizimi stavkalariga oid kutilmalar qimmatbaho metallar bozoriga bosim o‘tkazmoqda.

Oltin narxi yana tushadimi? Investorlar AQSH qarorini kutmoqda © vecteezy.com

Jahon bozorida oltin va kumush narxlari pasayishda davom etmoqda. 23-oktabr kuni Nyu-Yorkdagi «COMEX» birjasida 2026 yil dekabr oyida yetkazib beriladigan oltin fyucherslari 0,98 foizga arzonlab, bir troy unsiyasi uchun 4 020,5 dollarni tashkil etdi. Kumush fyucherslari esa 2,33 foizga pasayib, bir unsiya uchun 53,73 dollarga tushgan.

«Reuters» agentligi 23-oktabr kuni oltin narxi so‘nggi to‘rt oydan ortiq davrdagi eng katta haftalik pasayishga qarab borayotganini xabar qildi. Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, oltinning spot narxi bir unsiya uchun 4 021,04 dollarni tashkil etgan, AQSHning dekabr fyucherslari esa 4 035,50 dollargacha tushgan.

Oltin narxi nega tushyapti?

«Reuters» ma’lumotiga ko‘ra, oltin narxiga bosim o‘tkazayotgan asosiy omillardan biri — energiya narxlarining oshishi va inflatsiya kuchayishi mumkinligi haqidagi xavotirlardir.

Neft qimmatlashsa, transport va ishlab chiqarish xarajatlari orqali iqtisodiyotdagi narx-navoga bosim kuchayishi mumkin. Inflatsiya xavfining ortishi esa markaziy banklarning foiz stavkalarini uzoqroq vaqt yuqori darajada saqlab turish ehtimolini oshiradi.

«Reuters» agentligi «Capital.com» tahlilchisi Monte Safiyeddinning fikriga tayanib, oltin narxining bir unsiya uchun 4 000 dollarlik chegaradan pastga tushishi bozorda inflatsiyaning yuqori darajada saqlanishi va dollar mustahkamlanishiga oid kutilmalar kuchayganini anglatishi mumkinligini yozdi.

Neft narxining o‘sishi oltin bozoriga qanday ta’sir qilmoqda?

23-oktabr kuni neft kotirovkalari ham yuqorilagan. «Reuters»ga ko‘ra, «Brent» markali neft fyucherslari bir barreli uchun 113,75 dollargacha ko‘tarilgan, «WTI» markali neft esa 100,13 dollarga yetgan.

Agentlik neft narxining o‘sishini Saudiya Arabistonidagi energetika ta’minotiga oid xavflar va Yaqin Sharqdagi keskinlik bilan bog‘lamoqda. Xusiylarning hujumlari mintaqadagi neft ta’minotida uzilishlar bo‘lishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni kuchaytirgan.

Investorlarning asosiy diqqati AQSH Federal zaxira tizimining 27–28-oktabr kunlari bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishiga qaratilgan.

«Reuters», shuningdek, AQSHda inflatsiyani baholashda muhim ko‘rsatkich hisoblangan shaxsiy iste’mol xarajatlari narxlari indeksi («PCE») bo‘yicha yangi ma’lumotlar ham bozor ishtirokchilari tomonidan diqqat bilan kuzatilayotganini qayd etgan.

Oltin narxi hafta davomida qanchaga tushdi?

23-oktabr kuni spot oltin narxi bir unsiyasi uchun 4 021,04 dollarni tashkil etgan. Hafta boshidan buyon pasayish 3,6 foizga yetdi. Agar shu tendensiya saqlanib qolsa, bu oltin uchun iyun oyidan beri qayd etilgan eng yomon haftalik natija bo‘lishi mumkin.

Agentlik oltin narxi savdolar davomida 20-iyuldan beri kuzatilmagan eng past darajagacha tushib ketganini ham xabar qildi. Shu bilan birga, 4 000 dollarlik marra bozor ishtirokchilari uchun muhim psixologik chegara sifatida ko‘rilmoqda.

Kumush bozorida ham pasayish kuzatildi. Birja kotirovkalarida dekabr fyucherslari 2,33 foizga arzonlab, 53,73 dollarga tushgan.

Oltin narxining tushishi O‘zbekistonga ham ta’sir qiladimi?

Jahon bozoridagi oltin narxi O‘zbekiston uchun ham muhim ahamiyatga ega. Markaziy bank oltin quymalarini sotish va qayta sotib olish narxlarini belgilashda aynan xalqaro qimmatbaho metallar bozoridagi vaziyatni hisobga oladi. Bank ma’lumotiga ko‘ra, narxlar xalqaro bozor sharoitidan kelib chiqib, kun davomida ham qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

Masalan, Markaziy bankning 2026 yil 22-oktabrdagi narxlariga ko‘ra, 5 gramlik oltin quymasi 9 million 6 ming so‘mdan sotilgan. 23-oktabrda esa shu quymaning sotish narxi 8 million 979 ming so‘mni tashkil etdi. Bu bir kun ichida 27 ming so‘mlik pasayish demakdir.

100 gramlik quymaning narxi ham 22-oktabrdagi 180 million 124 ming so‘mdan 23-oktabrda 179 million 572 ming so‘mga tushgan.

Oltin arzonlashi O‘zbekistonning xalqaro zaxiralariga qanday ta’sir qiladi?

Jahon bozoridagi oltin narxi mamlakatning rasmiy xalqaro zaxiralari qiymatiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatadi. O‘zbekiston Markaziy bankining 2026 yil 1-oktabr holatiga ko‘ra, sentabr oyida mamlakatning umumiy xalqaro zaxiralari 5,54 milliard dollarga, ya’ni 7,69 foizga kamayib, 66,58 milliard dollarga tushgan.

Ushbu pasayishning asosiy qismi aynan oltin zaxiralarining qayta baholanishi hisobiga to‘g‘ri kelgan. Markaziy bank ixtiyoridagi oltin qiymati 4,83 mlrd dollarga yoki 7,46 foizga pasayib, 60,08 mlrd dollarni tashkil etgan.

Biroq zaxiralardagi jismoniy oltin miqdori aksincha oshgan: avgust oyidagi 14,11 million troy unsiyadan sentabrda 14,34 million troy unsiyaga yetgan.

Teglar

Mavzuga oid