Logo

Hokimlar «tozalik reydi»ga chiqdi, ko‘prik ortidan 7,4 mlrd so‘m talon-toroj qilindi, «Izza» bozori yaqinida do‘konlar yonib ketdi, Olmazorda «kotlovan» o‘pirildi, go‘sht uchun 463 million dollar berilishi aytildi — hafta dayjesti

Bugun 20:006 daqiqa

O‘tayotgan hafta ichida O‘zbekistonda sodir bo‘lgan eng ahamiyatli va muhokamalarni keltirib chiqargan voqea-hodisalarni Vaqt.uz’da yana bir bor esga olamiz.

Hokimlar «tozalik reydi»ga chiqdi

«Salla desa, kallasini ham qo‘shib olib keladiganlar bor», deya bejizga aytilmaydi. Haftaniңg eng trendga chiqqan va ko‘p muhokama qilingan mavzularidan biri — hokim va mahalla raislarining aholi xonadoniga kirib, qozon-o‘chog‘i-yu, yotoqxonasigacha tekshirgani bo‘ldi.

Yodingizda bo‘lsa, hatto prezident ham tasodifiy tashriflarida fuqaroning eshigini taqillatmasdan, ruxsatsiz uyiga kirmagan edi.

Avvaliga Shahrisabz tumani hokimi Samad Hasanovning fuqaro xonadoniga kirib, uy egasini tartibsizlik uchun tanqid qilgani aks etgan video tarqaldi. Videodagi keskin gaplar, jarima qo‘llash haqidagi topshiriqlar va fuqaroning kameraga olinib, omma oldida izza qilingani jamoatchilikning e’tiroziga sabab bo‘ldi.

Oradan ko‘p o‘tmay, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bu holat yuzasidan viloyat hokimligiga xizmat tekshiruvi o‘tkazish bo‘yicha taqdimnoma kiritdi. Agentlik davlat xizmatchilari fuqarolar bilan muloqotda odob-axloq qoidalariga rioya qilishi, shaxsiy hayot daxlsizligi va inson sha’nini hurmat qilishi shartligini eslatdi. Shu bilan birga, Mahallalar uyushmasi ham xonadonlarga kirish yoki aholini so‘roqqa tutish bo‘yicha hech qanday topshiriq berilmaganini bildirib, bunday amaliyot qonunchilikka zid ekanini urg‘uladi.

Bu orada mavzu boshqa hududda ham davom etdi. Toshkent viloyati Chinoz tumani hokimi Sherzod Solihov yig‘ilishda tumanda hududi obodonlashtirilmagan va tartibga keltirilmagan mahallalarga «Sharmandali mahalla» hamda talab darajasida saqlanmagan xonadonlarga esa «Uyatli xonadon» yozuvlarini o‘rnatishni buyurdi.

Mas’ullarga uyma-uy yurib, hovlilar, darvozalar va hatto ko‘cha bo‘yiga rayhon ekilgan-ekilmaganini tekshirish topshirildi. Kamchiliklarni bartaraf etish uchun esa atigi bir kun muddat berilgani aytildi.

Xullas, tarqalgan videolarga ko‘ra, bunday vazifalar bilan shug‘ullangan xodimlar bir emas, bir nechta ekani ko‘rinib turibdi.

Yana bir mahalla raisining aytishicha, xonadonlarni o‘rganish va obodonlashtirish ishlari mustaqillikning 35 yilligiga tayyorgarlik doirasida o‘tkazilyapti. Rais bu ishlarni yuqoridan berilgan topshiriq asosida qilayotgani, maqsad esa aholini ogohlantirish va hududlarni tartibga keltirish ekanini ta’kidladi.

Xullas, bu voqea ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Hatto ko‘pchilik hokim va mahalla raislarining bu harakatlarini hazil-mutoyibaga aylantirib, parodiya videolarini ham tarqatishga ulgurdi.

Yo‘l o‘tkazgich o‘pirilishi bo‘yicha hukm o‘qildi

Yakunlanayotgan haftada Toshkentda qurilganiga hali ikki yil bo‘lmagan yangi tunnel yo‘lining o‘pirilishi bilan bog‘liq shov-shuvli ish bo‘yicha sud hukmi o‘qildi. Esingizda bo‘lsa, shu yil martda Temur Malik va Buyuk Ipak yo‘li ko‘chalari kesishmasidagi yangi tunnelning tayanch devori qisman qulagandi. O‘shanda hodisa qurilish sifati va davlat buyurtmalari ustidan nazorat masalasini yana kun tartibiga olib chiqqandi.

Sud hujjatlariga ko‘ra, loyiha uchun ajratilgan mablag‘larning bir qismi noqonuniy o‘zlashtirilgan. Tergov davomida mas’ullar ayrim qurilish ishlarini sifatsiz bajargani, yana ba’zilari esa umuman bajarilmagan bo‘lsa-da, hujjatlarda go‘yo bajarilgandek rasmiylashtirilgani aniqlangan. Oqibatda davlatga qariyb 7 milliard 400 million so‘m zarar yetkazilgan.

Mazkur ish yuzasidan olti mansabdor va pudratchi sudlandi. Ularning barchasi aybdor deb topilib, 100 million so‘mdan ortiq jarimaga tortildi hamda ma’lum muddat mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilindi. Bundan tashqari, sud davlatga yetkazilgan zararni qoplash uchun depozit hisob raqamiga kiritilgan milliardlab so‘m mablag‘larni davlat foydasiga undirish haqida qaror chiqardi.

«Izza» bozori yondi

Oxirgi paytlarda, ayniqsa yozda yong‘inlar soni ko‘payyapti. Toshkent viloyatining Zangiota tumanida yuz bergan yirik yong‘in ham ana shulardan biri bo‘ldi. Gap shundaki, 6-avgust kuni «Tokzor» mahallasida joylashgan savdo do‘konlarida chiqqan yong‘in qisqa fursatda katta hududni qamrab oldi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda quyuq qora tutun va baland alanga uzoq masofadan ham ko‘ringani yong‘inning qay darajada ekanini ko‘rsatib turibdi.

Voqea joyiga Favqulodda vaziyatlar vazirligi, tez tibbiy yordam va boshqa xizmatlar zudlik bilan yetib bordi. Guvohlarning aytishicha, ko‘plab tadbirkorlar olov kuchayib ketishidan oldin mahsulotlarini olib chiqishga ulgurgan. Biroq, 15 dan ortiq do‘kon va ulardagi mahsulotlarning katta qismi yonib ketgan.

Yong‘in tushlik payti boshlangan. Guvohlarga ko‘ra, hududdagi do‘konlarning aksariyatida telefon aksessuarlari va suvenir mahsulotlari sotilgan. Tez yonuvchan buyumlar ko‘pligi sababli olov qisqa vaqt ichida katta maydonga tarqalgan.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, yong‘in qariyb 1,5 soat ichida to‘liq o‘chirilgan. Alangada jarohatlanganlar bo‘lmagan. Ammo yong‘in oqibatida qariyb 400 kvadrat metr savdo maydoni zarar ko‘rgan. Hozirda yong‘inning kelib chiqish sabablari va yetkazilgan moddiy zarar miqdori aniqlanyapti.

Olmazordagi «kotlovan» o‘pirildi

Bu hafta poytaxtning Olmazor tumanidagi qurilish maydonida 9 qavatli uyga yaqin masofada qazilgan «kotlovan» o‘pirilib tushdi va unda bir kishi jarohat oldi.

Voqea joyiga borgan jurnalistlar bilan suhbatlashgan mahalliy aholi ular bu qurilishdan avvaldan norozi bo‘lib kelayotgani, mas’ullarga bir necha bor murojaat qilingani, ammo murojaatlar javobsiz qolganini aytdi.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, hodisadan keyin ayrim xonadonlar elektr va suvsiz qolgan, qolaversa, qurilish yaqinidagi maktab o‘quvchilari xavfsizligi ham xavotir uyg‘otyapti.

Toshkent shahar hokimligiga ko‘ra, vaziyat Umurzoqovning nazoratiga olingan bo‘lib, uning topshirig‘iga binoan poytaxt Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasini nazorat qilish inspeksiyasi, prokuratura organlari, Olmazor tumani hokimligi hamda boshqa mutasaddi idoralar vakillari ishtirokida tezkor maxsus komissiya tuzilgan.

Shuningdek, Ekologiya bosh boshqarmasiga ko‘ra, ushbu hududda 800 mln so‘mlik 13 tup daraxt kesib tashlangan va 16 tup chinor noqonuniy ko‘chirilib, ularga shikast yetkazilgan. Bu qurilish obyektida avval ham ekologiya qonunchiligi talablarining bir necha bor buzilgani aniqlangan.

Go‘sht uchun 463 mln dollar

Xo‘p, go‘shtni qanchadan olyapsiz? Go‘sht aholining o‘ziga to‘qlik darajasini belgilovchi norasmiy omillardan biri hisoblanadi.

Bozorlarda go‘sht narxi va ta’minot masalasi ko‘pchilikni qiziqtiradigan mavzulardan biri. Bu hafta mamlakatda go‘sht va sut mahsulotlari ishlab chiqarishni oshirish bo‘yicha yangi rejalar aytildi. 2026–2028-yillarda O‘zbekistonning chorvachilik sohasiga 463 mln dollar yo‘naltirish ko‘zda tutilgan. Asosiy maqsad — ichki bozorda go‘sht va sut mahsulotlari ta’minotini oshirish, ishlab chiqarish bilan talab o‘rtasidagi farqni qisqartirish.

Hozirda O‘zbekistonda go‘shtga bo‘lgan yillik talab qariyb 2 mln 150 ming tonnani tashkil etadi. Ishlab chiqarish hajmi esa 1 mln 600 ming tonna atrofida. Yangi loyihalar hisobidan qo‘shimcha 190 ming tonna go‘sht ishlab chiqarish imkoniyati yaratilishi kutilyapti.

Faoliyatini to‘xtatgan chorvachilik korxonalarini qayta ishga tushirish, naslli mollar olib kelish, aholi xonadonlarida yengil konstruksiyali molxonalar tashkil etish va kichik xo‘jaliklarni qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, xorijdan yuz minglab naslli qoramol va qo‘ylar olib kelish, sun’iy urug‘lantirish hamda zamonaviy naslchilik texnologiyalarini kengaytirish rejalashtirilyapti.

Mas’ullarga esa ajratilayotgan mablag‘lardan samarali foydalanish, loyihalarni qat’iy nazorat qilish va aholini sifatli hamda hamyonbop oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash bo‘yicha vazifalar yuklatildi.

Inspektor cho‘kayotgan bolani qutqardi

Toshkent shahridagi «Bo‘rijar» kanalida cho‘kayotgan 13 yoshli bola ichki ishlar xodimi tomonidan qutqarib qolindi.

Ma’lum bo‘lishicha, hodisa vaqtida Yakkasaroy tumani Post-patrul xizmati inspektori Rasul Jo‘rayev vaziyatni ko‘rib, zudlik bilan suvga sakragan va bolani xavfsiz tarzda qirg‘oqqa olib chiqqan. Unga yana bir kishi yordamlashgan. Bolaning ahvoli yaxshi ekani aytilyapti.

OKMKning yirik quvuri yorilib ketdi

5-avgust kuni yirik sanoat korxonalaridan birida yuz bergan nosozlik ham jamoatchilik e’tiboriga tushdi. Toshkent viloyatidagi «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» mis boyitish fabrikasining chiqindi saqlash omboriga olib boruvchi magistral pulpa quvuri yorildi.

Tarqalgan videolarda quvurdan kuchli bosim ostida suv va aralashma otilib chiqqan, ayrim avtomobillar harakatlana olmay qolgan.

Kombinat ma’lumotiga ko‘ra, mutaxassislar zudlik bilan ta’mirlash ishlarini boshlab, nosozlikni bartaraf etgan. Hozirda hodisa oqibatlarini tozalash ishlari ham yakunlangan, hududdagi yo‘llar tartibga keltirilgan. Pulpa quvuri nima o‘zi deyayotgan bo‘lishingiz mumkin. U tog‘-kon sanoatida maydalangan xomashyo va suyuqlik aralashmasini tashish uchun foydalaniladigan maxsus tizim hisoblanadi.

100 yillik 11 ta archa qo‘porib tashlandi

Tabiatga yetkazilgan zarar bilan bog‘liq yana bir holat Surxondaryoda ro‘y berdi. Sariosiyodagi Sangardak mahallasida salkam 100 yillik 11 tup Zarafshon archasi noqonuniy ravishda qo‘porib tashlangandi. Bu ishlar ruxsatsiz qilingan. Ogohlantirishlarga qaramay bunday holat davom etgani aytilpti. Archalarga yetkazilgan zarar summasi hisoblanyapti. Shuningdek, hududdagi qurilish ishlari ekologik talablar asosida olib borilgan yoki yo‘qligi ham o‘rganilyapti.

 

Teglar

Nozima Qarshiboyeva

Nozima QarshiboyevaMaqolalar soni: 61

Barchasi

Mavzuga oid