
Hokimlarning yashirin qarorlari: yopiq ma’lumotlar nega ko‘paymoqda?
2021–2025 yillarda hududlar kesimida hokimlarning yashirin qarorlari qancha ekanini bilasizmi? Bu boradagi raqamlar vaziyat yildan-yilga og‘irlashganini, Xorazm viloyati esa eng yuqori ko‘rsatkichga chiqqanini ko‘rsatmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan 2026 yilning dastlabki oyining ma’lum bir davrida mahalliy hokimliklar tomonidan viloyat, tuman va shahar hokimlari chiqargan qarorlarning 386 tasi asossiz yashirilgani ma’lum qilingan edi.
Yashirilgan qarorlarning 68 tasi tashkiliy tuzilmani tasdiqlash, 46 tasi mablag‘ ajratish, 34 tasi rag‘batlantirish, 156 tasi lavozimga tayinlash hamda 82 tasi boshqa masalalarga oid hujjatlardan iborat.
Ochiqlanmagan hujjatlar soni bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichlar Farg‘ona (67 ta yoki 44 foiz), Xorazm (32 ta yoki 39 foiz), Buxoro (58 ta yoki 37 foiz), Qashqadaryo (41 ta yoki 26 foiz) va Samarqand (38 ta yoki 15 foiz) viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Agentlik tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklariga asossiz yashirilgan 68 ta qaror va фармойишларни ochiqlash hamda mazkur qonunbuzilishlarning kelib chiqishiga sababchi bo‘lgan mas’ul xodimlarga nisbatan tegishli chora ko‘rish yuzasidan taqdimnomalar kiritilgan, xolos.
Vaqt.uz holatni yanada chuqurroq o‘rganish maqsadida 2021–2025 yillarda e’lon qilingan yashirilgan hokim qarorlarini hududlar kesimida o‘rgandi.
Surishtiruvlar davomida barcha hududlarda yashirin hokim qarorlari bo‘yicha 2021–2024 yillarda o‘sish tendensiyasi kuzatilgan, ammo 2025 yilga kelib esa viloyatlarda raqamlar ko‘rsatkichi biroz pasayganini guvohi bo‘ldik.
Hududlar kesimida kim yetakchi?
Hudud nomi | Hujjat turi | 2021 | 2022 | 2023 | 2024 | 2025 |
Qoraqalpog’iston Respublikasi | Hokim qarori | |||||
Andijon | Hokim qarori | |||||
Buxoro | Hokim qarori | |||||
Jizzax | Hokim qarori | |||||
Qashqadaryo | Hokim qarori | |||||
Navoiy | Hokim qarori | |||||
Namangan | Hokim qarori | |||||
Samarqand | Hokim qarori | |||||
Sirdaryo | Hokim qarori | |||||
Surxondaryo | Hokim qarori | |||||
Farg’ona | Hokim qarori | |||||
Xorazm | Hokim qarori | |||||
Toshkent viloyati | Hokim qarori | |||||
Toshkent shahri | Hokim qarori |
E-qaror ma’lumotlari asosida o‘rganildi
2021–2025 yillar tahlili shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistonda yashirin holda qabul qilingan hokim qarorlari ayrim hududlarda juda katta hajmga chiqqan. Ayniqsa, uchta hudud absolut raqamlar bo‘yicha boshqalardan keskin ajralib turadi.
Eng ko‘p yashirin qaror qabul qilingan hudud — Xorazm viloyati. Bu yerda 2024 yilda rekord darajadagi ko‘rsatkich qayd etilgan: 5366 ta hokim qarori ochiq e’lon qilinmagan. Bu nafaqat viloyat, balki butun O‘zbekiston bo‘yicha so‘nggi besh yildagi eng yuqori raqam hisoblanadi. Solishtirish uchun, 2021 yilda Xorazmda yashirilgan qarorlar soni 1151 ta edi. To‘rt yil ichida bu ko‘rsatkich 4,7 barobar oshgan. Ya’ni ochiqlik haqida ko‘p gapirilgan sari, qarorlar tobora «yopiqroq» bo‘lib borgan.
Ikkinchi o‘rinda Samarqand viloyati turadi. 2024 yilda bu hududda 5239 ta hokim qarori ochiq e’lon qilinmagan. 2021 yilda esa bu raqam atigi 901 tani tashkil etgan. Natijada to‘rt yil ichida 5,8 barobar o‘sish qayd etilgan. Boshqacha aytganda, Samarqandda har yili yashirilgan qarorlar soni avvalgi yillar ustiga «qavat-qavat» qo‘shilib borgan.
Uchinchi o‘rinda Qashqadaryo viloyati joylashgan. 2024 yilda bu hududda 3569 ta hokim qarori yashirilgan. E’tiborli jihati shundaki, 2021 yilda Qashqadaryoda bu ko‘rsatkich atigi 349 ta edi. To‘rt yil ichida yashirilgan qarorlar soni 10 barobardan ziyodroqqa oshgan. Bu esa Qashqadaryoni nafaqat ko‘p qaror yashirgan, balki eng tez «o‘sishga erishgan» hududga aylantirdi.
Aynan tez o‘sish sur’atlari bo‘yicha Andijon va Jizzax viloyatlari ham faollikni boy bergani yo‘q. Jumladan, Andijon viloyatida 2021 yilda 341 ta bo‘lgan yashirin qarorlar soni 2024 yilda 2782 taga yetgan. Bu qariyb 8 barobar o‘sish degani. Ya’ni bir necha yil ichida Andijon yashirin qarorlar bo‘yicha «oldingi saf»ga chiqib olgan.
Jizzax viloyati ham bu ro‘yxatda e’tibordan chetda qolmaydi. 2021 yilda 264 ta bo‘lgan yashirilgan qarorlar soni 2024 yilda 1980 taga yetgan. Bu 7,5 barobar o‘sish degani. Nisbatan kichik hudud uchun bunday sur’at ochiqlik masalasi bu yerda ham jiddiy oqsayotganini ko‘rsatadi.
Shu tariqa, ayrim hududlar yashirin qarorlar soni bo‘yicha mutlaq «yetakchi» bo‘lsa, boshqalari esa o‘sish tezligi bilan xavotir uyg‘otmoqda. Raqamlar shuni ko‘rsatadiki, muammo alohida holatlar bilan emas, balki butun tizim darajasida shakllangan. Eng achinarlisi — bu ko‘rsatkichlar yillar davomida oshib borgan, pasayish esa faqat ayrim davrlarda va vaqtincha kuzatilgan, xolos.
2025 yilda yopiq qarorlar kamaydimi?
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, 2021–2024 yillar oralig‘ida yashirin qarorlar soni deyarli barcha hududlarda keskin oshgan. Biroq 2025 yilga kelib statistikada nisbatan pasayish kuzatiladi. Bir qarashda bu holat vaziyat yaxshilanayotgandek taassurot uyg‘otishi mumkin.
Ammo bu pasayish qarorlar to‘liq ochiq e’lon qilina boshlagani bilan emas, balki hujjatlashtirish mexanizmidagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq. Xususan, 2025 yildan boshlab ayrim hududlarda kengash qarorlariga hokim emas, balki kengash raisi imzo qo‘ya boshlagan. Natijada bu turdagi hujjatlar hokim qarorlari statistikasi tarkibiga kiritilmay qolgan.
Ya’ni hokim qarorlari kamaygandek tuyuladi, ammo shu bilan birga kengash qarorlari sahnaga chiqadi. Agar ular ham alohida hisobga olinmasa, rasmiy raqamlarda vaziyat ancha «chiroyliroq» ko‘rinib qolishi mumkin.
Bundan tashqari, 2025 yildan keyin ayrim holatlarda qarorlar umuman «qaror» deb atalmasdan, hujjatsiz o‘tkazib yuborila boshlagani haqidagi savollar ham ochiq qolmoqda. Bu esa ochiqlik muammosi hal bo‘lganidan ko‘ra, uning faqat nomi va ko‘rinishi o‘zgargan bo‘lishi ehtimolini kuchaytiradi.
Xullas, raqamlardagi pasayish real ochiqlikdan darak bermaydi. U faqat qarorlarni qanday hisoblayotganimiz o‘zgarganini ko‘rsatishi mumkin, xolos.
Hududlar | Hokim qarori | Kengash qarori | Umumiy hisob |
Qoraqalpog’iston Respublikasi | 2155 | ||
Andijon | 1289 | ||
Buxoro | 1455 | ||
Jizzax | 1134 | ||
Qashqadaryo | 2449 | ||
Navoiy | 1089 | ||
Namangan | 1692 | ||
Samarqand | 2102 | ||
Sirdaryo | 1501 | ||
Surxondaryo | 2035 | ||
Farg’ona | 1687 | ||
Xorazm | 1510 | ||
Toshkent viloyati | 1389 | ||
Toshkent shahri | 2950 |
E-qaror ma’lumotlari asosida o‘rganildi
«Yashirin qaror bor joyda korrupsiya bor» — iqtisodchi Otabek Bakirov
«Avval iqtisod…» dasturida iqtisodchi Otabek Bakirov yopiq qarorlar masalasiga alohida to‘xtalib o‘tgan edi. U yopiq qarorlar muammosi O‘zbekistonda yillar davomida tizimli tus olganini ta’kidlar ekan, bu holatni korrupsiya bilan bevosita bog‘laydi. Uning fikricha, qarorlarning yashirilishi tasodifiy holat emas, balki ochiqlik va jamoatchilik nazoratining yo‘qligidan kelib chiqadigan xavfli amaliyotdir.
«Yashirin qaror va korrupsiya o‘rtasiga bemalol tenglik belgisini qo‘yish mumkin. Qayerda qaror yopiq bo‘lsa, u yerda jamoatchilik nazorati yo‘q. Nazorat bo‘lmagan joyda esa korrupsiya bo‘ladi. Bu oddiy va yillar davomida isbotlangan haqiqat», — deydi Otabek Bakirov.
Uning fikricha, muammoni bir martalik tekshiruvlar yoki ochiqlangan hujjatlar soni bilan hal qilib bo‘lmaydi — buning uchun qonunchilik darajasida qat’iy mexanizmlar joriy etilishi shart.
«Agar qarorni yashirish uchun javobgarlik bo‘lmasa, uni yashirish davom etaveradi. Bugun mansabdor shaxs qarorni yopib qo‘yadi va buning uchun hech qanday jazo olmaydi. Jazo bo‘lmagan joyda ochiqlik bo‘lmaydi», — deydi Otabek Bakirov.
Bakirovning ta’kidlashicha, ochiqlikni ta’minlashning asosiy sharti — qaysi qarorlar ochiq bo‘lishi shartligi, qaysi hollarda va faqat qaysi qismi yopilishi mumkinligini qonun bilan aniq belgilashdir. U shaxsiy ma’lumotlarni bahona qilib butun hujjatni yopish amaliyotiga keskin qarshi chiqadi.
«Butun dunyoda qarorning hammasi yashirilmaydi. Agar shaxsiy ma’lumot bo‘lsa, faqat o‘sha qismi yopiladi. Mazmuni, mohiyati, pulga va vakolatga taalluqli qismi ochiq qoladi. Bizda esa bitta bahona bilan butun qaror yopib tashlanadi», — deya ta’kidlaydi iqtisodchi.
Iqtisodchi alohida e’tiborni «XDFU» («Xizmat doirasida foydalanish uchun») tamg‘asiga qaratadi. Uning fikricha, bu tushuncha amaldagi qonunchilikda aniq belgilab qo‘yilmagan bo‘lsa-da, amalda qarorlarni yashirishning eng qulay vositasiga aylanib qolgan.
Bakirovga ko‘ra, yechimlardan yana biri — muammoni faqat hokimlar darajasida emas, balki undan yuqoriroq, ya’ni imtiyozlar, bojlar va normativ qarorlar darajasigacha ko‘tarishdir. Chunki yashirin qarorlar faqat mahalliy ijro hokimiyati bilan cheklanib qolmayapti.
Uning xulosasiga ko‘ra, real natija beradigan yondashuv — bu institutsional islohotlar. Parlament, hukumat va mas’ul organlar bu masalani qonunchilik darajasida tartibga solmas ekan, yopiq qarorlar shakli o‘zgaradi, lekin o‘zi saqlanib qolaveradi.
Qarorlarni yashirish qachon jinoyatga aylanadi?
Keltirilgan raqamlar, hududlar kesimidagi keskin tafovutlar va ogohlantiruvlar bitta achchiq haqiqatni ko‘rsatadi: O‘zbekistonda yashirin qarorlar muammosi hal bo‘lmadi. U faqat nomini, shaklini va hisobga olish usulini o‘zgartirdi, xolos.
Bir tomondan, yuzlab hujjatlar ochiqlanmoqda, statistikada «pasayish» paydo bo‘layotgandek ko‘rinadi. Ikkinchi tomondan esa qarorlar hokimdan kengashga, kengashdan esa umuman hujjatsiz jarayonlarga ko‘chib bormoqda. Bu ochiqlik emas — bu yashirishning yangi usuli.
Qizig‘i, Vaqt.uz ushbu materialda faqat yashirin hokim qarorlarini tahlil qildi, xolos. Holbuki, hali o‘rganilmagan qatlamlar bundan ham keng: hokim va kengash farmoyishlari, shuningdek, hukumat darajasidagi qarorlar mavjud. Agar faqat bitta bo‘g‘in ochiqlanib, qolganlari yopiq qolsa, muammo yechilgan bo‘lib hisoblanmaydi — u shunchaki boshqa joyga ko‘chadi.
Agar qarorni asossiz ravishda yopib qo‘ygan mansabdor shaxs real javobgarlikka tortilmasa, agar «XDFU» kabi huquqiy asosga ega bo‘lmagan tamg‘alar qonun darajasida cheklanmasa, agar qaysi qaror ochiq, qaysisi yopiq bo‘lishi aniq belgilab qo‘yilmasa — bu muammo davom etadi. Raqamlar o‘zgaradi, jadval yangilanadi, lekin mazmun o‘zgarmaydi.
Eng xavflisi shundaki, yopiq qarorlar jamoatchilik nazaridan chetda qoladi. Aynan ko‘rinmas joyda esa eng katta manfaatlar, eng katta mablag‘lar va eng katta vakolatlar aylanadi. Yashirin qaror bor joyda esa korrupsiya uchun doim ochiq eshik qoladi.
Shu bois endi savol «qancha hujjat ochiqlandi?» bo‘lishi kerak emas. Asosiy savol boshqacharoq yangrashi lozim: yashirishning o‘zi qachon jinoyat sifatida baholanadi? Ana shu savolga aniq javob berilmaguncha, ochiqlik haqidagi barcha hisobotlar qog‘ozda qolaveradi.
Teglar






