add

IIB xodimlari pora olayotgan vaqtlarida ushlandi

Bugun 13:551932

Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida Ichki ishlar bo‘limi Tezkor-qidiruv xizmatining podpolkovnik va mayor unvonidagi 2 nafar katta tezkor xodimi o‘g‘irlikda gumon qilinayotgan shaxslarni qamab yuborish bilan qo‘rqitib, ishni «bosdi-bosdi» qilish uchun pora talab qilgan.

IIB xodimlari pora olayotgan vaqtlarida ushlandi

Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida Ichki ishlar bo‘limi Tezkor-qidiruv xizmatining podpolkovnik va mayor unvonidagi 2 nafar katta tezkor xodimi pora olayotgan vaqtlarida ushlandi. Bu haqda DXX axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilning oktabr oyida Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida bog‘dorchilik bilan shug‘ullanuvchi MCHJga tegishli dala maydonidan polietilen sellofan o‘g‘irlab ketilganligi holati bo‘yicha mazkur tuman Ichki ishlar bo‘limiga murojaat kelib tushadi.

Shundan so‘ng, Ichki ishlar bo‘limi Tezkor-qidiruv xizmatining podpolkovnik va mayor unvonidagi 2 nafar katta tezkor xodimi o‘g‘irlikda gumon qilib 4 nafar fuqaroni majburiy tarzda IIBga olib ketishadi. So‘ngra, ularni qamab yuborish bilan qo‘rqitib, ishni «bosdi-bosdi» qilish uchun 55 mln so‘m talab qilishadi.

Keyinroq esa tezkor xodimlar zararni qoplash uchun deya gumonlanuvchi shaxslardan 24 mln so‘m olishadi.

Shuningdek, ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atmaslik, «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llamaslik hamda to‘plangan hujjatlarni ma’muriy javobgarlik keltirib chiqaruvchi holatga to‘g‘rilab, sudga yuborish evaziga qo‘shimcha 11 mln so‘m talab qilishadi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi, viloyat prokuraturasi hamda IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda mazkur katta tezkor xodimlar tamagirlik yo‘li bilan 11 mln so‘mni olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda ularga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi (pora olish) 2-qismi «v», «g» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sirdaryo va Andijon viloyatlarida soliq inspektorlari qarzdorlikni «kamaytirib berish» va tekshiruvni yopish evaziga pul talab qilgan vaqtda qo‘lga olinganligi haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid