
Import dorilarni O‘zbekistonda faqat rasmiy importchilar va dilerlar sotishi mumkin bo‘ladi
27.05.2025 | 20:1527753
2024 yil 1 iyuldan boshlab O‘zbekistonda import dori vositalarini faqat rasmiy import qiluvchi tashkilotlar yoki ularning dilerlari orqali sotishga ruxsat beriladi. Qalbaki yoki belgilanmagan dorilar sotilsa, litsenziya bekor qilinadi.

Prezidentning 2024 yil 23 maydagi qaroriga muvofiq, O‘zbekistonda dori vositalarining importi va chakana savdosi sohasida qat’iy tartib va nazorat choralari joriy etilmoqda. Unga ko‘ra, 1 iyuldan boshlab import dori vositalarini sotish faqat rasmiy import qiluvchi tashkilotlar yoki ularning dilerlari orqali amalga oshiriladi.
Yangi tartibga ko‘ra, dori vositalarini sotish faqat elektron hisobvaraq-faktura asosida amalga oshirilishi lozim. Shu bilan birga, mustaqil brokerlar va norasmiy tashkilotlarga bunday dori vositalarini sotish taqiqlanadi. Bu orqali qalbaki va markirovkasiz dori vositalarining muomalasiga chek qo‘yish maqsad qilingan.
1 sentyabrdan boshlab esa farmatsevtika faoliyatini boshlash uchun dorixonalar va kompaniyalar ko‘chmas mulk bo‘yicha ijara yoki tekin foydalanish shartnomasini soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tkazishi va elektron to‘lov tizimini joriy etishi shart qilib belgilanmoqda.
Agar soliq organlari tekshiruvi davomida kontrafakt yoki markirovkadan o‘tmagan dori vositalarini sotish, saqlash yoki tashish holatlarini aniqlasa, vakolatli organlar tomonidan ushbu sub’ektning litsenziyasi vaqtincha to‘xtatilishi mumkin. Bu amaliyot sog‘liqni saqlash sohasida xavfsizlikni oshirishga qaratilgan.
Shuningdek, 1 apreldan boshlab O‘zbekistonga olib kirilayotgan antibiotiklar, og‘riq qoldiruvchi, virusga qarshi va gormonal dori vositalari uchun 2 foiz miqdorida bojxona boji joriy etilgan edi.





