Investitsiya vositachilari uchun yangi litsenziya tartibi joriy etildi
O‘zbekistonda qimmatli qog‘ozlar bozori ishtirokchilari uchun litsenziyalashning yangi tartibi tasdiqlandi. Yangi nizom ustav kapitali, ichki nazorat va litsenziya berish muddatlariga aniq talablarni belgilaydi.

O‘zbekistonda qimmatli qog‘ozlar bozorida investitsiya vositachisi va investitsiya aktivlarini ishonchli boshqaruvchi sifatida faoliyat yurituvchi tashkilotlarni litsenziyalashning yangi tartibi belgilandi. Adliya vazirligi tomonidan mazkur sohani tartibga soluvchi nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Yangi hujjatga ko‘ra, investitsiya vositachisi hamda investitsiya aktivlarini ishonchli boshqaruvchi sifatida faoliyat ko‘rsatish uchun yuridik shaxslarga cheklanmagan muddatga litsenziya beriladi. Shu bilan birga, banklar va sug‘urta tashkilotlari uchun qimmatli qog‘ozlar bozorida professional faoliyat yuritishda alohida litsenziya olish talabi qo‘yilmaydi.
Litsenziya olishni istagan tashkilotlar qimmatli qog‘ozlar bozoriga oid qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilishi shart. Shuningdek, ular belgilangan minimal ustav kapitaliga ega bo‘lishi lozim.
Ustav kapitali bo‘yicha talablar bosqichma-bosqich kuchaytiriladi. Xususan:
— 2026 yil 1-iyuldan boshlab BHMning 3 ming baravari;
— 2027 yil 1-iyuldan 4 ming baravari;
— 2028 yil 1-iyuldan esa 6 ming baravari miqdorida kapital shakllantirilishi talab etiladi.
Kapital talablari oshiriladi
Nizomda ichki nazorat tizimiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Har bir litsenziya talabgorida ichki nazorat vazifalarini amalga oshiruvchi kamida bitta mas’ul xodim bo‘lishi shart.
Mutaxassislar fikricha, mazkur talablar moliya bozori ishtirokchilarining barqarorligi va shaffofligini ta’minlashga xizmat qiladi. Bu esa investorlar huquqlarini himoya qilish va bozordagi ishonchni mustahkamlashga yordam beradi.
Litsenziya olish uchun taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqish jarayoni bepul amalga oshiriladi. Ya’ni litsenziyalovchi organ tomonidan arizalarni ko‘rib chiqish uchun yig‘im undirilmaydi.
Elektron litsenziya beriladi
Litsenziya berish yoki rad etish to‘g‘risidagi qaror ariza qabul qilingan kundan boshlab 20 ish kuni ichida qabul qilinadi.
Beriladigan litsenziyalar elektron shaklda rasmiylashtiriladi va ularga QR-kod joylashtiriladi. Shuningdek, litsenziyalar litsenziyalovchi organ — Istiqbolli loyihalar milliy agentligi rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
Yangi tartib qimmatli qog‘ozlar bozorida faoliyat yurituvchi kompaniyalar uchun yagona va shaffof litsenziyalash mexanizmini shakllantirishga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda ipoteka bozorini rivojlantirish doirasida 40,5 mlrd so‘mlik birlamchi ipoteka obligatsiyalari emissiyasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi haqida xabar berilgan edi.
