add

Iqtisodchi so‘m dollarga nisbatan qadrsizlanayotganining 3 ta sababini aytdi

Kecha 23:152 daqiqa

O‘zbek milliy valyutasi (so‘m) dunyoning asosiy va mintaqaviy valyutalariga nisbatan qadrsizlanmoqda.

Iqtisodchi so‘m dollarga nisbatan qadrsizlanayotganining 3 ta sababini aytdi

O‘zbek so‘mi ketma-ket uchta sessiyadan buyon dollarga nisbatan qadrsizlanmoqda. Tahlillarga ko‘ra, oxirgi uch kun ichida so‘m dollarga nisbatan 1,3 foizga qadrsizlangan. So‘nggi kunning o‘zida dollarning mustahkamlanishi 0,6 foizni tashkil etgan. Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning yozishicha, bu holat bir nechta muhim omillar bilan bog‘liq.

Xolboyevga ko‘ra, so‘nggi uch kunda so‘m faqatgina uchta valyutaga nisbatan mustahkamlangan. Xususan bu davrda milliy valyutaning Eron rialiga nisbatan 95,8 foizga, Ukraina grivnasiga nisbatan 0,1 foizga hamda Venesuela bolivariga nisbatan 3,8 foizga qadri oshgan.

«Ya’ni so‘m bu davrda mustahkamlangan valyutalar notinchlik hukm surayotgan va geosiyosiy keskinliklarning markazida bo‘lgan davlatlar valyutasi hisoblanadi», - demoqda u.

Biroq, dunyoning asosiy va mintaqaviy valyutalariga nisbatan so‘mning holati pasayish trendida qolmoqda. Iqtisodchining kuzatuvlariga ko‘ra, mazkur davrda so‘m yirik valyutalardan frankka nisbatan 1,2 foizga, iyenaga nisbatan 1,4 foizga yevro hamda funtga nisbatan 1,3 foizga, shuningdek, asosiy savdo hamkorimizdan Rossiya rubliga nisbatan 1,7 foizga, yuanga nisbatan 1.3 foizga hamda tengega nisbatan 1,8 foizga qadrsizlangan.

«Ya’ni so‘mning bir nechta muammoli valyutalardan tashqari boshqa valyutalarga nisbatan qadrsizlanishi valuta kursi shakllanishida ichki omillar (masalan yalpi talab) dominantlik qilayotganligini ko‘rsatishi mumkin», - deydi Mirkomil Xolboyev.

Qayd etilishicha, avvalgi yillarning ayni davrida (yil boshi) ham so‘mning dollarga nisbatan 0,2-0,3 foiz atrofida qadrsizlanishi kuzatilgan. Unga ko‘ra, yilning boshlanishi bilan so‘mning qadrsizlanishida mavsumiy faktorlarining (xorijiy valyutaga mavsumiy talabning ortishi) ham roli bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, joriy yil boshidan buyon dollar indeksi 0,4 foizga mustahkamlangan. Iqtisodchi buni joriy yilning ilk kunlarida so‘m qadrsizlanishining oldingi yillarga nisbatan yirikroq shakllanayotgani bilan izohladi.

«Hozircha bir necha kunlik o‘zgarishlardan uzoq muddatli trend haqida qandaydir xulosa chiqarish judayam qiyin. Lekin bir necha kunlik qadrsizlanishga qaramasdan so‘m kursiga hozircha qandaydir yirik bosimlar menimcha mavjud emas», - deya yozdi u Telegram-kanalida.

Teglar

Mavzuga oid