
Isroil va Eron o‘rtasidagi urush qay tarzda yakun topishi mumkin? — Foreign Policy
17.06.2025 | 08:4530024
Isroil rahbari Binyamin Netanyahu Eronga zarbalar to‘xtamasligini bildirdi. Foreign Policy tahlilchilari esa to‘rt xil ehtimoliy ssenariyni ko‘rib chiqdi: qisqa to‘qnashuvdan tortib, yillab davom etishi mumkin bo‘lgan yashirin urushgacha.

Foreign Policy nashrida e’lon qilingan tahlilga ko‘ra, Isroil va Eron o‘rtasidagi hozirgi harbiy qarama-qarshilik turlicha yakun topishi mumkin.
Birinchi ehtimoliy variant — cheklangan miqyosdagi to‘qnashuv. Bu holatda Eron ichki auditoriya oldida o‘z nufuzini saqlash maqsadida Isroilga bir necha ramziy zarbalar beradi va AQSH vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘ladi.
Ikkinchi ssenariy — xalqaro bosim orqali to‘xtatish. Eron Isroilga nisbatan chegaralangan hujumlar uyushtirishi mumkin, bu vaqtda esa AQSH va Yevropa Tel-Avivni harbiy amaliyotni to‘xtatishga chaqirishadi. Muhimi, AQSHdagi siyosiy rahbariyat, xususan Donald Tramp Netanyahuga bosim o‘tkazsa, Isroil operatsiyani rejadan ilgari to‘xtatishi mumkin.
Uchinchi variant — mojaroning mintaqaviy urushga aylanishi. Eron AQSH bazalariga zarba berishi mumkin, chunki Tehron Vashingtonni Isroil zarbalarining hammuallifi, deb hisoblaydi. Bu esa AQSHning Iroq, Yaman va boshqa davlatlardagi Eron manfaatlariga nisbatan bevosita aralashuviga olib kelishi mumkin.
Eng xavfli, to‘rtinchi ssenariy — cho‘zilib ketadigan, ya’ni yillab davom etishi mumkin bo‘lgan yashirin nizo. Unda harbiy harakatlar ochiq emas, balki diversiyalar, dron zarbalari va kiberhujumlar orqali amalga oshiriladi. Bunday formatdagi urush nafaqat Isroil va Eronni, balki butun Yaqin Sharq mintaqasini uzoq muddatli beqarorlikka yetaklashi mumkin.
Foreign Policy tahlilchilari ta’kidlashicha, hozirgi vaziyatda barcha tomonlar ehtiyotkorlik bilan harakat qilmoqda, ammo keskin qarorlar va xatolar har qanday ssenariyni keskin yomonlashtirib yuborishi mumkin.





