
Istanbuldagi qotillik bo‘yicha 2 nafar o‘zbek qo‘lga olingani ma’lum qilindi
O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi vatandosh ayol o‘limi bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi.

O‘zbekiston Respublikasining Istanbuldagi Bosh konsulxonasi Istanbul shahrida O‘zbekiston fuqarosining o‘limi bilan bog‘liq holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi. Ma’lum qilinishicha, mazkur xabar Bosh konsulxona tomonidan chuqur qayg‘u bilan qabul qilingan va barcha zarur konsullik choralari ko‘rilmoqda.
Qayd etilishicha, 2026 yil 24-yanvar kuni mahalliy vaqt bilan soat 20:00 lar atrofida Istanbul shahrining Shishli tumani, Quyuulibog‘ ko‘chasida joylashgan chiqindi konteynerlaridan birida choyshabga o‘ralgan ayol jasadi topilgan. Jasadni tasodifan chiqindilar orasidan buyum terib yurgan shaxs aniqlab, bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar bergan. Jasadning bosh qismi mavjud emasligi qayd etilgan.
Tergov va konsullik choralari
Bosh konsulxona mahalliy huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sud-tibbiy ekspertiza muassasalari va prokuratura bilan hamkorlikda o‘tkazgan o‘rganishlar natijasida marhumaning shaxsi Hakimova Durdona ekani tasdiqlangan. U O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi hisoblanadi.
Mazkur jinoyat ishi doirasida O‘zbekistonning ikki nafar fuqarosi gumonlanuvchi sifatida qo‘lga olingan. Ular Turkiya hududidan Gruziyaga aviaqatnov orqali chiqib ketishga uringan vaqtda ushlangan. Hozirda tergov harakatlari Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan davom ettirilmoqda.
Bosh konsulxona diplomatlari marhumaning oila a’zolari bilan aloqa o‘rnatgan va ularga tegishli konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatilmoqda. Shuningdek, surishtiruv jarayonlari doimiy ravishda Bosh konsulxona nazoratida ekani ta’kidlangan.
Bosh konsulxona ushbu holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlar rasmiy manbalar orqali taqdim etib borilishini ma’lum qildi hamda marhumaning yaqinlari va oila a’zolariga chuqur hamdardlik bildirdi.





