
Janubiy Sharqiy Osiyoda ikki davlat chegarasidagi tortishuv harbiy to‘qnashuvga aylandi
24.07.2025 | 12:2021593
Tayland va Kamboja o‘rtasidagi chegarada yuzaga kelgan tortishuv havo zarbasi va artilleriya almashinuviga aylandi. Tayland F-16 samolyoti orqali harbiy nishonni yo‘q qilganini ma’lum qildi, Kamboja esa hujumni suverenitetga tajovuz deb baholadi. Hodisa kamida ikki tinch aholi vakilining o‘limiga sabab bo‘ldi.

2025 yil 24 iyul kuni Tayland va Kamboja chegarasidagi tortishuv harbiy to‘qnashuvga aylandi. Tayland armiyasi ma’lumotiga ko‘ra, F-16 rusumli qiruvchi samolyot Kambojadagi harbiy nishonni yo‘q qilgan. Kamboja mudofaa vazirligi esa samolyot ikki bomba tashlaganini va buni davlat suverenitetiga tajovuz deb baholaganini bildirdi.
Tayland chegarani vaqtincha yopganini e’lon qildi. Tayland tashqi ishlar vazirligi Kambojani og‘ir artilleriyadan foydalanganlikda va tibbiyot muassasalariga ham zarba berganlikda aybladi. Natijada kamida ikki tinch fuqaro halok bo‘lgani qayd etildi.
Janjal Ta Moan Txom ibodatxonasi yaqinidagi nizoli hududda boshlangan. Tayland rasmiylari Kambojani yangi mina o‘rnatganlikda ayblamoqda. Kamboja esa bu iddaolarni inkor etib, Tayland soldatlari eski minaga tushib qolganini bildirmoqda.
Qurolli to‘qnashuvlardan keyin Tayland 40 mingga yaqin aholini evakuatsiya qildi. Kambojaning ikki viloyati Tayland harbiylarining artilleriya zarbasiga uchragani ma’lum qilindi. Ikki tomon ham bir-birini provokatsiyada ayblab, himoyaviy harakat qilinayotganini ta’kidlamoqda.
Bu to‘qnashuv, 2011 yildagi bir haftan davom etgan artilleriya janjalidan beri eng jiddiy keskinlik hisoblanadi. So‘nggi munoqasha esa may oyida kambojalik bir askarning o‘limi bilan boshlangan edi.





