add

Jizzaxdagi AES loyihasi bo‘yicha jamoatchilik eshituvlari o‘tkaziladi

Mazkur jamoatchilik eshituvlarida bildirilgan fikrlar loyihaning keyingi bosqichlarida inobatga olinishi kutilmoqda.

Jizzaxdagi AES loyihasi bo‘yicha jamoatchilik eshituvlari o‘tkaziladi

«O‘zatom» agentligi xabariga ko‘ra, 23-dekabr kuni 11:00 da Jizzax viloyati Forish tumanidagi Bog‘don aholi punktida joylashgan 30-son Madaniyat markazida Atom elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha jamoatchilik eshituvlari o‘tkaziladi.

Agentlik barcha manfaatdor tomonlar, mahalliy aholi va fuqarolik jamiyati vakillarini bunda faol ishtirok etishga taklif qildi. Loyiha bo‘yicha taklif va mulohazalarni info@uzatom.uz va direksiyaaes@uzatom.uz elektron pochta manzillariga yuborish mumkinligi bildirildi.

Qayd etilishicha, loyiha bo‘yicha AESning umumiy quvvati 2110 MW bo‘lib, yillik elektr ishlab chiqarish hajmi 16–17 mlrd kWh’ni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich mamlakat energiya balansida 12–15 foiz ulushni ta’minlaydi. Inshootning ekspluatatsiya muddati 60 yil etib belgilangan.

Avvalroq «O‘zatom» direktori va AES qurilishi direksiyasi rahbari jamoatchilik muhokamalari savol-javob hamda ovoz berish shaklida tashkil etilishini ma’lum qilgandi. Tadbirda bildirilgan fikrlar loyihaning keyingi bosqichlarida inobatga olinishi ta’kidlangandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston «Yadroviy zarar uchun fuqarolik javobgarligi to‘g‘risida»gi Vena konvensiyasiga qo‘shilgani haqida xabar berilgandi.

Teglar

Mavzuga oid