
JSST: Yevropa va Markaziy Osiyoda har uchinchi o‘lim alkogol bilan bog‘liq
JSSTning yangi hisobotiga ko‘ra, Yevropa va Markaziy Osiyoda jarohat va zo‘ravonlik bilan bog‘liq har uchinchi o‘lim holati spirtli ichimliklar iste’moli oqibatida yuz beradi.

Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlarida shikastlanish hamda zo‘ravonlik tufayli yuz berayotgan har uchinchi o‘lim holati spirtli ichimliklar iste’moli bilan chambarchas bog‘liq. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan e’lon qilingan yangi tadqiqot ma’lumotlarida aytib o‘tilgan.
Tashkilot mutaxassislarining ta’kidlashicha, alkogol iste’moli oqibatida yuzaga kelayotgan fojialar ko‘lami yildan yilga kengayib bormoqda.
Hisobotda keltirilishicha, mastlik holatida yuz beradigan o‘lim holatlarining aksariyati o‘z-o‘ziga shikast yetkazish, yo‘l-transport hodisalari va tepadan sakrash bilan bog‘liqdir. Ekspertlarning fikricha, boshqa hech bir psixoaktiv modda jamiyatga alkogol kabi keng ko‘lamli, ham tasodifiy, ham qasddan qilingan zarar yetkazmaydi. Bu iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan mamlakatlar uchun katta yo‘qotish hisoblanadi.
JSSTning alkogol masalalari bo‘yicha mintaqaviy maslahatchisi Karina Ferreyra-Borjesning qayd etishicha, ushbu modda nafaqat saratonning yetti turi kabi og‘ir yuqumli bo‘lmagan kasalliklarni keltirib chiqaradi, balki insonning o‘z xulq-atvorini nazorat qilish qobiliyatini ham keskin pasaytiradi. Bu esa kundalik hayotda xavfli vaziyatlarning yuzaga kelishiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatadi.
Spirtli ichimliklar ta’sirida koordinatsiya va reaksiyaning yomonlashishi insonni tavakkalchilikka moyil qilib qo‘yadi. Oqibatda, oldini olish mumkin bo‘lgan jarohatlanishlar va baxtsiz hodisalar soni ortib boradi. Mutaxassislar ushbu muammoni hal qilish uchun davlat darajasidagi qat’iy choralarni ko‘rish va aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini kuchaytirish zarurligini ta’kidlamoqda.





