
Kafe va restoranlar bozorida 2025 yilda yuqori o‘sish kuzatildi
Ovqatlanish xizmatlariga talab oshishi sohada faoliyat ko‘rsatadigan korxonalar tovar aylanmasi va soliqlari sezilarli o‘sishiga sabab bo‘ldi. Eng ko‘p soliq to‘lagan brendilar ma’lum qilindi.

2025 yilda O‘zbekistonda umumiy ovqatlanish bozori jadal sur’atlarda o‘sdi. Mamlakatda 20 ming 300 dan ortiq kafe va restoran faoliyat yuritib, ularning 2025 yil yanvar–noyabr oylaridagi tovar aylanmasi 17,2 trln so‘mga yetdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 30 foizga yuqori bo‘lib, sohada barqaror rivojlanish kuzatilayotganini ko‘rsatadi.
Taqqoslash uchun, 2024 yilning mos davrida 19 ming 500 dan ortiq kafe va restoranlar faoliyat ko‘rsatgan va ularning jami tovar aylanmasi 13,6 trln so‘mni tashkil etgan edi. Bir yil ichida korxonalar soni ham, aylanma hajmi ham oshgani aholining umumiy ovqatlanish xizmatlariga bo‘lgan talabi kengayayotganini anglatadi.
2025 yilning 11 oyida kafe va restoranlar davlat budjetiga jami 1,56 trln so‘m soliq to‘ladi. Ushbu mablag‘larning 20 foizi soha bo‘yicha eng yirik 20 ta korxona hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bu esa bozorda yirik brendlar ulushi yuqori ekanini ko‘rsatadi.

Eng ko‘p soliq to‘laganlar
Umumiy ovqatlanish sohasida eng katta soliq tushumlari fast-fud tarmoqlari hissasiga to‘g‘ri keldi. Ayniqsa, «KFC», «Evos» va «Oqtepa Lavash» eng yirik soliq to‘lovchilar qatorida qayd etildi.
Birinchi o‘rinni «KFC» egallab, ushbu davrda 83,2 mlrd so‘m soliq to‘ladi. Ikkinchi o‘rinda «EVOS» bo‘lib, uning soliq to‘lovlari 62,4 mlrd so‘mni tashkil etdi. Uchinchi o‘rindan «Oqtepa Lavash» joy olib, 35,4 mlrd so‘m soliq to‘lagan.
Shuningdek, «Feed Up» tarmog‘i 7,4 mlrd so‘m, «Max Way» 6,3 mlrd so‘m, «Bellissimo Pizza» esa 6 mlrd so‘m soliq to‘lovlari bilan ro‘yxatdan joy oldi.
Ma’lumot o‘rnida, 2025 yilning yanvar–noyabr oylarida umumiy ovqatlanish korxonalarining savdo aylanmasi 215,5 trln so‘mni tashkil qildi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilning mos davriga nisbatan 15,2 foizga oshgan.





