
Kattaqo‘rg‘on shahri hududi kengaytiriladi
29.07.2025 | 15:0016512
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Samarqand viloyatidagi Kattaqo‘rg‘on shahri, Kattaqo‘rg‘on va Nurobod tumanlari chegaralarini o‘zgartirish bo‘yicha qaror qabul qilindi. Bu qaror asosida shahar hududi kengayib, uning salohiyatini oshirish rejalashtirilmoqda.

Qarorga ko‘ra, Kattaqo‘rg‘on shahriga Kattaqo‘rg‘on tumanidan 1 945 gektar va Nurobod tumanidan 971 gektar yer maydoni qo‘shiladi. Shuningdek, Nurobod tumanining yana 600 gektar yer qismi Kattaqo‘rg‘on tumani tarkibiga o‘tkaziladi. Bu o‘zgarishlar shahar infratuzilmasini rivojlantirish va aholiga qulay yashash sharoitini yaratish maqsadida amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Yangi chegaralar orqali hududda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sur’atlarini oshirish, jumladan, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarini kengaytirish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish maqsad qilingan. Qarorga muvofiq, 50 gektar maydonda «Urgut» erkin iqtisodiy zonasining filiali va 30 gektar yerda 3 ta kichik sanoat zonalari tashkil etiladi.
Shu bilan birga, shaharning yangi maqomi — o‘rta shaharlar toifasidan katta shaharlar toifasiga o‘tkazilishi ham ko‘zda tutilgan. Bu esa kelgusida Kattaqo‘rg‘onning investitsion jozibadorligini oshiradi.





