
Ko‘p miqdorda psixtorop moddalar saqlagan mahalladoshlar qo‘lga olindi
Toshkent shahri Yangihayot tumanida yashovchi ayol o‘z uyida Farg‘ona vodiysidan olib kelingan katta miqdordagi psixotrop moddalarni saqlab kelgan.

Ko‘p miqdorda kuchli ta’sir qiluvchi moddalar saqlagan ayol qo‘lga olindi. Bu haqda DXX axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent shahar Yangihayot tumanida istiqomat qiluvchi, 1977 yil Navoiy viloyatida tug‘ilgan ayol F.M. o‘z yashash manzilida noqonuniy ravishda Farg‘ona vodiysidan olib kelingan katta miqdordagi psixotrop moddalar saqlayotgani to‘g‘risida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga tezkor ma’lumotlar yetib kelgan.

So‘ngra fuqaro F.M. va uning jinoiy aloqalarini qo‘lga olish bo‘yicha DXX Chegara qo‘shinlari, Toshkent shahar Bojxona boshqarmasi hamda IJQKD xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Xolislar ishtirokida uning yashash xonadonidan 3000 dona ozish uchun mo‘ljallangan, tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalari hamda tegishli hujjatlari bo‘lmagan 1,1 mlrd so‘mlik TMB olingan.
F.M. bilan o‘tkazilgan dastlabki so‘rovda, u 1986 yil Namangan viloyatida tug‘ilgan mahalladoshi fuqaro D.X.ning yashash xonadonida ham katta miqdordagi psixotrop moddalar borligi haqida aytgan.
Shundan so‘ng, tezkor tadbir davom ettirilib, fuqaro D.X.ning yashash xonadoni ham ko‘zdan kechirilgan.
Natijada, 17060 dona psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi dori-vositalari hamda 400 mln so‘mlik 2973 dona tegishli sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan dori-darmonlar borligi aniqlangan.
Hozirda har ikki fuqaroning mazkur psixotrop moddalar va boshqa TMBlarni kimdan olganligi, bunga aloqador bo‘lgan shaxslarni aniqlash hamda jinoyat mexanizmini to‘liq ochish yuzasidan hamkorlikdagi tadbirlar olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 3 kiloga yaqin narkotik moddasini Toshkent shahrida sotishni rejalashtirganlar qo‘lga olinganligi haqida xabar berilgan edi.





