
Ko‘p qavatli uyda sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida bir kishi halok bo‘ldi
Toshkent viloyati Angren shahri joylashgan ko‘p qavatli uyda yong‘in chiqqan. Hodisa oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, yana bir fuqaro og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan.

7-fevral kuni soat 23:19 da Toshkent viloyati Angren shahrida joylashgan ko‘p qavatli turar joy binolaridan birida yong‘in sodir bo‘ldi. Hodisa oqibatida bir nafar fuqaro halok bo‘lgan, yana bir kishi jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, Dukent qo‘rg‘onidagi «Ulug‘bek» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan to‘rt qavatli binolardan birining tom qismi yonayotgani haqida Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasiga xabar kelib tushgan. Qutqaruv va yong‘in o‘chirish ekipajlari soat 23:30 da voqea joyiga yetib borgan.
Qutqaruvchilar binoda bo‘lgan fuqarolarni zudlik bilan evakuatsiya qilgan. Yong‘in soat 23:57 da qurshab olingan bo‘lib, taxminan bir soatdan so‘ng, aniqrog‘i soat 00:50 da to‘liq bartaraf etilgan.
Hodisa joyiga Favqulodda vaziyatlar vaziri Azizbek Ikromov ham yetib borib, vaziyatni shaxsan nazorat qilgani qayd etilmoqda. Yong‘in sabablari va keltirilgan moddiy zarar hajmi hozircha ochiqlanmadi.
«Daryo» nashri manbasiga ko‘ra, voqea oqibatida jabrlangan fuqarolardan biri og‘ir ahvolda jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Hozirda hodisa yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 31-yanvar kuni Toshkent shahri Yashnobod tumanida joylashgan Aviator savdo majmuasida yirik yong‘in sodir bo‘lgan edi. Hodisa oqibatida vayronalar ostida 2023 yilda tug‘ilgan bola jasadi topilgan.





