
Koreya O‘zbekistonga statistika sohasini rivojlantirish uchun 3,8 mln dollar grant ajratdi
21.05.2025 | 09:4037333
2025–2028 yillarga mo‘ljallangan «Statistika salohiyatini oshirish» loyihasi doirasida Koreya hukumati O‘zbekiston statistika tizimini raqamlashtirish va modernizatsiya qilish uchun 3,8 mln dollar grant ajratdi.

Koreya Respublikasi hukumati O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi bilan hamkorlikda 2025–2028 yillarga mo‘ljallangan «Statistika salohiyatini oshirish» loyihasini amalga oshirishni boshladi. Ushbu tashabbus Koreyaning rasmiy rivojlanishga yordam (ODA) dasturi doirasida amalga oshirilib, 3,8 mln AQSH dollari miqdorida grant ajratiladi.
Loyiha mamlakatimizda statistika tizimini raqamlashtirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va xalqaro standartlarga moslashtirishni ko‘zda tutadi. Ayni paytda Koreya statistika idorasi vakillari Toshkentda bo‘lib, hamkorlikning texnik jihatlarini muhokama qilmoqda.
Kadrlar salohiyatini oshirish muhim yo‘nalish sifatida belgilanib, O‘zbekiston va Koreyada o‘quv kurslari tashkil etiladi. Statistik tadqiqotlar institutida kompyuter va audio jihozlar bilan ta’minlangan o‘quv xonalari tashkil etiladi.
Loyiha doirasida CATI — kompyuter yordamida telefon orqali intervyu o‘tkazish tizimi joriy qilinib, tanlanma kuzatuvlarni aniq va tezkor amalga oshirishga zamin yaratadi. Ma’muriy ma’lumotlar bazalarini boshqarish tizimi va davlat organlari o‘rtasida ma’lumot almashishni ta’minlovchi mexanizmlar yaratiladi.





