add

Kumush narxi ilk bor 100 dollardan oshdi

25.01.2026 | 08:582 daqiqa

Jahon bozorlarida kumush narxi tarixiy rekord o‘rnatdi, biroq tahlilchilar bu o‘sish barqaror emasligi haqida jiddiy ogohlantirmoqda.

Kumush narxi ilk bor 100 dollardan oshdi

Jahon bozorida kumush narxi tarixda ilk bor 100 dollardan oshib, investorlar va sanoat ishtirokchilari e’tiborini tortdi. 23-yanvar kuni spot narx 6 foizga o‘sib, unsiyasi uchun 102,02 dollarga yetdi, deb xabar berdi «Reuters».

2026 yil boshidan buyon kumush narxi 40 foizdan ko‘proq o‘sdi. O‘tgan 2025 yilda esa o‘sish 147 foizni tashkil etgan edi. Bunday keskin dinamikaga geosiyosiy xavflar, bojxona to‘siqlari bo‘yicha xavotirlar va London fizik bozoridagi likvidlik tanqisligi asosiy omil sifatida ko‘rsatilmoqda.

«Metals Focus» tadqiqot direktori Filip Nyumanga ko‘ra, kumush oltinni qo‘llab-quvvatlayotgan omillardan foyda ko‘rmoqda. Uning aytishicha, ayniqsa fizik bozorda taklif cheklangani narxlarni yuqorida ushlab turibdi.

 

Geosiyosiy fon

«Bloomberg» ma’lumotlariga ko‘ra, kumush narxining jadal o‘sishi AQSH va uning Yevropa ittifoqchilari o‘rtasidagi keskinlik, shuningdek Ukrainada urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarning samarasiz kechayotgani bilan bog‘liq. Shu bilan birga, AQSH Markaziy banki — Federal zaxira tizimi mustaqilligiga nisbatan xavotirlar ham qo‘shimcha talab yaratmoqda.

Investorlar ushbu omillarni xavfsiz aktivlarga, jumladan kumushga sarmoya kiritish uchun signal sifatida qabul qilmoqda. Natijada, bozorga spekulyativ kapital ham jadal kirib kelmoqda.

 

Ogohlantiruvchi signallar

Shu bilan birga, barcha ekspertlar ham optimistik ruhda emas. «StoneX» tahlilchisi Rona O’Konnell kumush bozorida «o‘z-o‘zini qo‘zg‘atuvchi jazava» boshlanganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, geosiyosiy xavflar oltinni mustahkamlayotgan bo‘lsa, nisbatan arzonligi sabab kumush ham ommaviy qiziqish obyektiga aylangan.

«Hamma ishtirok etgisi kelayotgandek tuyulyapti, lekin bu xavfli signal. Ilk yoriqlar paydo bo‘lishi bilan ular katta jarlikka aylanishi mumkin. Kamarlarni mahkam bog‘lang», — dedi u «Reuters»ga.

«Bank of America» strategi Maykl Vidmer esa kumushning fundamental jihatdan oqlanadigan narxini taxminan 60 dollar deb baholadi. Uning fikricha, quyosh panellari ishlab chiqaruvchilaridan talab 2025 yilda cho‘qqiga chiqqan, sanoat talabi esa yuqori narxlar bosimi ostida qolmoqda.

Teglar

Mavzuga oid