add

«Kusherbayevga qarshi kampaniya», «Ikkinchi xotin degan ayblov trendda», «Chida oshna». Rasul Kusherboyev aliment to‘laydigan bo‘ldi

15.08.2025 | 20:2044727

Sud qaroriga ko‘ra, Rasul Kusherboyev voyaga yetmagan qizi manfaati uchun ish haqining 1/4 qismini aliment sifatida to‘lab borishi belgilandi. Voqealar jamoatchilik tomonidan u siyosiy faolligi uchun ta’qib qilinayotgani haqidagi bahslar bilan ham bog‘lanmoqda.

«Kusherbayevga qarshi kampaniya», «Ikkinchi xotin degan ayblov trendda», «Chida oshna». Rasul Kusherboyev aliment to‘laydigan bo‘ldi
Bugun, 15 avgust kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumanlararo sudi tomonidan chiqarilgan hal qiluv qaroriga asosan da’vogar Sh. I.ning javobgar R. K.ga nisbatan aliment undirish haqidagi da’vo arizasi qanoatlantirildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov ma’lum qildi. Sud qaroriga ko‘ra R. K.dan Sh. I. foydasiga voyaga yetmagan bir nafar – 2023 yil 5 oktyabrda tug‘ilgan M. K. ismli qiz farzandining ta’minoti uchun 2025 yilning 28 iyun kunidan boshlab farzandi voyaga yetguniga qadar har oydagi ish haqi va boshqa turdagi barcha daromadlarining 1/4 qismi miqdorida aliment undirilishi belgilangan. Javobgar R. K.dan davlat foydasiga davlat boji hamda pochta xarajatlari undirilishi qayd etilgan. «Ushbu hal qiluv qarori ustidan qonunda belgilangan muddat va tartibda Toshkent shahar sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya/kassatsiya shikoyati berilishi yoxud protest keltirilishi mumkinligi ma’lum qilinadi», - deyiladi xabarda. Jamoatchilik nima demoqda? Ma’lumot uchun, sobiq deputat va Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri maslahatchisi Rasul Kusherboyevning ikkinchi xotini bo‘lgani va u bilan ajrashganidan so‘ng voyaga yetmagan qiziga alment to‘lamayotgani bilan bog‘liq mazkur holat u Jenefir Lopesga tegmagandek ro‘mol va soqolga ham tegmaslikni talab qilgan bir vaqtda sodir bo‘ldi. Jurnalist Karim Bahriyev bu holatni «ikkinchi xotin degan ayblov trendda, Abdurahmonga qo‘llandi, Rasulga qo‘llanyapti», - deya baholadi. «Shukurning postini havola etdim. Menga kelsak, biz hali bu gaplarning haqiqatini bilmaymiz. Siz bu ikkinchi xotin haqida gapning Rasul ro‘mol va soqolga ham tegmaslikni talab qilganda, yahudiy va nasroniy soqol qo‘ysa indamay, faqat o‘zbek soqoliga qarshi kurashilayetgani, yalang‘och qo‘shiq aytganni indamay, yana qo‘riqlagan militsiya, ro‘mol o‘rab hayeli bo‘lishni istagan o‘zbek ayelini taqib qilinishiga qarshi gapirgan zahoti topib chiqilganiga etibor bering», - deydi jurnalist Karim Bahriyev. Prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi xodimi Aziza Umarova bu holatni to‘g‘ridan-to‘g‘ri Rasul Kusherbayevga qarshi kampaniya deb atadi. «Ba’zan o‘ylab qolaman, biz qanday odamlarmiz o‘zi? Rasul Kusherbayevga qarshi kampaniya yana avj olmoqda. U Mustaqillikning 34 yili davomida tarixda eng taniqli "xalq" deputati bo‘lib qoladigan tamoyilli va jasur inson. U aynan parlamentdagi byudjet masalasidagi ovoz berish tufayli ketib qoldi. Uni yillar davomida bir xil qoralash usullari bilan ta’qib qilishmoqda. Shaxsan men, aynan milliy aviakompaniya va aeroportlarni ajratish masalasi jamoatchilik e’tiboriga havola etilganda, hujumlardan eng ko‘p aziyat chekkan inson sifatida, aniq bilaman: jamoat arboblari faqat o‘z tamoyillari uchun azob chekishadi... Bularning barchasi adolatdan emas», - deya yozib qoldirgan Aziza Umarova. Jurnalist Shukur Jabbor Rasul Kusherboyevga chidashni maslahat berdi. «Men ham senga tosh otayotganlarning safidaman, men ham otaman, faqat gul otaman, oshna! Mansur Hallojni dorga osishdan avval toshbo‘ron qilishganida Shibliy tosh otayotganlar safida turib gul otgan ekan. Chida oshna, birorta chaynaladigan, kesatiladigan – lekin hech hal bo‘lmaydigan mavzu chiqquncha chidab tur, odamlar ... boshqa mavzuga o‘tguncha chidab tur, o‘tib ketadi!..», - degan jurnalist Facebook'dagi sahifasida.

Teglar

Mavzuga oid

«Kusherbayevga qarshi kampaniya», «Ikkinchi xotin degan ayblov trendda», «Chida oshna». Rasul Kusherboyev aliment to‘laydigan bo‘ldi | Vaqt.uz